7QADAM
314 subscribers
29 photos
2 videos
3 files
63 links
Ushbu kanalda 7QADAM turkum kitoblari va muallif ijodidan bahramand bo'lasiz.

Facebook: https://www.facebook.com/yettiqadam

Instagram: https://www.instagram.com/yettiqadam?r=nametag

Admin: @yettiqadamBot

"Yaratish - yashash demakdir."
Download Telegram
Viva la Vida
David Garret
O‘yin

Nega biz shunchalar egallanganmiz -
Ko‘nglimiz og‘riydi ko‘ngilchanglikdan?
Nimaga bunchalar chigallanganmiz -
Mushkulot kutamiz yengilchanglikdan?

Yuramiz o‘ng yo‘lning so‘liga qarab,
Ishqda ishqsizlardan o‘rnak olamiz,
Bizni sevmaganlar yo‘liga qarab,
Bizni sevganlarni ko‘rmay qolamiz!

Bizning borligimiz - dunyoga qimor,
O‘yin gardkamligi - “ekanman“likda,
Hayotdan nolishlik - yo‘qlikka xumor,
Dunyo birkamligi - mukammallikda...

Javlon Juraev
@yettiqadam
Dancing String
Dilpora
Bir qadam

Yigirma beshimdan xotirjam kechib,
Yuzimga bir qadam yaqinroq bo‘lsam,
Qat-qat niqoblarni birma-bir yechib,
Yuzimga bir qadam yaqinroq bo‘lsam.

O‘tkinchi baxtlarning eng o‘limsizi,
Bebosh shamollarning eng qo‘nimsizi,
Millionlab yo‘llarning eng ko‘rimsizi -
Izimga bir qadam yaqinroq bo‘lsam.

Parilar yoqmasa parvonamdagi,
Bollar tatimasa koshonamdagi,
Yaratgan siylagan peshonamdagi
Tuzimga bir qadam yaqinroq bo‘lsam.

Ko‘z yoshim qog‘ozga sochib ketib men,
Fikrim darvozasin ochib ketib men,
Quruq xayollardan qochib ketib men,
So‘zimga bir qadam yaqinroq bo‘lsam.

Cho‘rtkesar odatim qoldirib ortda,
Qismatim qo‘limga olib bir marta,
Kuydirgi yozimni unutib shartta,
Kuzimga bir qadam yaqinroq bo‘lsam.

Ilmning ortidan bo‘lib ovora,
O‘zimni borimcha sevib oshkora,
Xudoni bilishga intilib - zora
O‘zimga bir qadam yaqinroq bo‘lsam.

Javlon Juraev
@yettiqadam
​​Ilm chirog‘i

Tasavvur qiling, zim-ziyo o‘rmonda ketyapsiz. Har bir qadamingizni juda ehtiyot bo‘lib tashlaysiz. Har bir qadam qo‘rquvni yengish uchun katta quvvat sarflash evaziga amalga oshadi. Zulmat sizga oldinda nima borligini bilishga to‘sqinlik qiladi – ana shu oldinda nima borligini bilmaslik sizni qo‘rquv va gumonlar orasida qoldiradi.

Endi qo‘lingizga chiroq tutqazildi deylik. Qadamlaringiz darrov dadillashadi – endi hadiksiz ildam yurasiz. Nega? Nega bo‘lardi – chunki endi siz yo‘lingizda nima borligini bilasiz. Ana shu bilim sizdagi qo‘rquv va shubhalarni yo‘qqa chiqaradi. Ana shu bilim tufayli endi siz qo‘rquvni yengishga quvvat sarflamaysiz.

Yuqoridagi misolda hal qiluvchi omil chiroq va u bergan yorug‘lik emas. Sizga chiroq o‘rniga o‘rmonni yaxshi biladigan yo‘lboshchi yoki qorong‘ida ko‘rishga imkon beradigan maxsus qurilma taklif qilinsa ham – natija xuddi o‘sha bo‘ladi. Bunda hal qiluvchi omil – bilimdir.

Bilim – ajoyib narsa, qudratli kuch. U sizga qo‘rquvni yengishga yordam beradi. 
​​...Masalan, shaxsiy kuchi kam odam notanish shaharda ketyapti. U har burilishda qiyin fikrlash jarayonidan o‘tadi: “Bu yoqqa burilsam, u bo‘ladi bu bo‘ladi. Sharqqa yursam-chi? Yo‘lning oxiri berk bo‘lsa-chi? Qaytib chiqib keyin bu yoqqa yurishimga to‘g‘ri keladi”.

Kuchli shaxsga bunday holatda uning kuchli intuitsiyasi yordam beradi. Uning aqliga intuitsiya aytib turgan tomonga yurishni nazorat qilish qoladi, xolos.

Demak, bilim – odamga hayotiy quvvat ustidan nazorat beradi. Buning natijasida hayotiy quvvat qo‘rquv va shubha kabi zararli odatlarga sarflanmaydi. Natijada hayotiy quvvat tejaladi va ortadi. Natijada odamning intuitsiyasi kuchayadi va kam quvvat sarflab yangi bilimlar orttiradi. Va jarayon yana takrorlanadi: bilim quvvatni oshiradi, quvvat – bilimni…

Ilm oviga chiqing. Bu xuddi kuch ovlashday gap. U atrofimizda cheklanmagan miqdorda yastanib yotibdi – gap uni ko‘rishda va olishda, xolos. U hammaga va har doim yetadi. Uni olish uchun imtihondan o‘tish yoki kimgadir pul berish kerak emas. U eng tekin narsa. Eng buyuk qudratlar suv va havo singari tekin bo‘ladi.

Zulmat o‘rmonda borar ekanmiz, yo‘limizda qanchalik erkin ketishimiz qo‘limizdagi chiroqqa bog‘liq. U qancha yorqin bo‘lsa – yo‘limiz shuncha nurafshon bo‘ladi. U chiroqning nuri – bilim, moyi – izlanuvchanlik. Bilimni rad etadigan johillar esa – quyoshli kunda ham o‘rmonda ko‘zlarini ataylab yumib yurishni tanlagan odamlardir.
‼️Yangilik.

6-kitob - "Shaxs va Iqtisod"!
https://juraev.uz/7qadam/oltinchi-kitob
Kitobxonlar fikri.. – Telegraph
http://telegra.ph/Kitobxonlar-fikri-06-03-3
...Albatta, qanchadir darajada idealist bo'lgan yaxshi - ammo g'irt idealist bo'lish soxta qadriyatlar ortidan quvishga yoki umuman hech qanday harakat qilmaslikka olib keladi.
Uyg‘onish

Hayotning niqobdor tomoshasida
Haqiqiy yuzini yo‘qotar banda,
Xudodan o‘tadi harhashasida,
Unutib bir qilcha jonligin tanda.

Kaltabin rolida o‘ynar to‘rani,
Oqilga tengini chiqarib olib,
Qo‘rqmay ajratadi oq-u qorani,
Qozicha yengini shimarib olib.

Dahriy shubhalarga haddimiz sig‘ib,
Xudo borligiga izlaymiz isbot,
Imondan rizqimiz ilondek bo‘g‘ib,
Aql rost-yolg‘onga axtarar nisbat.

Gumondor ixlos-la Xudoga zormiz,
Axir, ishonch-shubha - egiz sezgilar,
Esiz, mavhum baxtdan ko‘p umidvormiz,
Umidlar ko‘ngilning xohshin ezg‘ilar.

Og‘zimiz to‘ldirib “hayot” atagan
G‘aflatdan uyg‘otib, o‘lim kelajak,
Jannatga yetaklar ruhni Yaratgan -
Ikkisi u yerda mangu qolajak...

Javlon Juraev
@yettiqadam
Tea
Dilpora
Malagim

Bezovta uyquda ro‘yo ko‘ribman:
Kurrai zaminni chulg‘amish zulm,
Bir shula axtarib, sarson yuribman -
Tikonlar oralab yotardi yo‘lim.

Nogahon qarshimda ko‘rindi darvish,
Undan-da so‘radim: "Bu qanday balo?"
Dedi: "Farishtalar yerni tark etmish,
Borki go‘zallikdan ayrildi dunyo.

Mudroq ko‘zlarimdan yosh qalqdi pitrab,
Hayotdan kechishga ko‘ndi yuragim!
Sovuq terga botdim, uyg‘ondim titrab...
Sen hamon yerdami, mening malagim?..

Javlon Juraev
@yettiqadam
​​​​Muammolaringizni hal qilishni boshqalar yoki davlatga yukladingizmi – tamom, shaxsiy erkinlik haqida unuting. Jamiyat muammolariga befarq bo‘lishni, uni sizdan boshqa kimdir hal qilishini kutishni tanladingizmi – tamom, shu muammolar soyasida yashashga majbur ekaningizni qabul qiling. Befarqlikning bahosi shu.

Kuchli shaxslar sifatida bizdan ozgina e’tiborli bo‘lish, atrofimizdagi odamlar dardini muhimlik va hissiyotga berilmasdan tushunish, tahlil qilish va ularga yechim topishga intilish talab qilinadi. Ishoning – odamlarga naf keltirishdan ortiq baxt yo‘q hayotda. Buni g‘urur uchun, faxr uchun yoki rahmat uchun emas – o‘z shaxsiy o‘sishimiz uchun, o‘z shaxsiy baxtimiz uchun qilsak arziydi.

7QADAM - 5
@yettiqadam
Rainmaker
Yanni
Maqul topgan parchalarni do'stlarga ham ulashing. :)
​​​​Shaxsiy kuch

Odamlarga to‘la xonani tasavvur qiling. Aytaylik, restorandasiz. Zaldagi hamma yonidagi hamrohi bilan suhbat-u, oldidagi taom bilan band. Eshikdan kimlardir kiryapti, kimlardir, aksincha, chiqyapti. Zalda o‘tirganlar xonaga endi kirgan hamma odamga ham qarashavermaydi. Ammo eshikdan kuchli shaxsiyat egasi kirsa – juda ko‘pchilik beixtiyor unga bir qarab qo‘yadi. Agar eshikdan kirgan yangi mehmonning shaxsiy kuchi o‘ta yuqori bo‘lsa – zaldagilar hatto ovqatlanishdan ham to‘xtab, unga tikilib qolishi mumkin.

Ishonmaysizmi? Keyingi gal odamlar gavjum joyda o‘tirganingizda, atrofingizdagilar xatti-harakatlarini kuzatib ko‘ring – juda ko‘p qiziq narsalarni bilib olasiz.

Hammamiz kuchli shaxsiyat egalariga o‘zimiz bilmagan holda intilishimizga bir oddiy sabab bor. Avval aytganimdek, bizning organizmimiz har doim sog‘ligimiz uchun eng ma’qul qarorlarni qabul qiladi. Odamning shaxsiy kuchi boshqa odamlarning hayotiy energiyasini oshirib berish xususiyatiga ega (bu ajablanarli hol emas – axir, shaxsiy kuch mehrdan hosil bo‘ladi, boshqa odamga mehr ko‘rsatish esa uning hayotiy quvvatini oshiradi). Atrofimizda kuchli shaxsiyat paydo bo‘lishi bilan, tanamiz unga bizning e’tiborimizni qaratmoqchi bo‘ladi – chunki u ehtimolda bizning hayotiy quvvat zaxiramizni to‘ldirishga qodir.

Shaxsiyati kuchli odam atrofdagilarga mehr taratadi deganim - u hammaning ko‘nglini olib yuradi degani emas. Kuchli shaxsiyat, shunchaki, atrofidagi har kim va har narsaga mehr bilan qaraydi, atrofiga mehrga to‘yingan shaxsiy kuchidan yog‘du taratib turadi. Qolganlar ana shu yog‘duga o‘zlari bilmagan holda talpinadilar.

Agar odamning shaxsiy kuchi yetarlicha yuqori bo‘lsa, uning boshqa odamlar va dunyo bilan kelishmovchiliklari bo‘lmaydi, u hech qachon qiyin vaziyatga tushib qolmaydi – shunday bo‘lsa ham, shaxsiy kuchi uni bu vaziyatdan shikastsiz olib chiqib ketadi.

Bu bilan kuchli shaxsiyat o‘zgalarni boshqarish qobiliyatiga ega bo‘ladi demoqchi emasman. U, shunchaki, dunyo qonunlari va odamlar ahdiga qarshi bormaslikka harakat qilib yashaydi – shunga monand hamma hech narsa uning ahdlariga ham qarshilik qilmaydi. Kuchli shaxsiyat egasida shaxsiy muhimlik tuyg‘usi bo‘lmaydi – shaxsiy muhimlik tuyg‘usi kishi hayotiy quvvatini isrof qiladigan odat. Undan qutulmay turib, kuchli shaxsiyat egasi bo‘lish imkonsiz.

7QADAM - 1
@yettiqadam