7QADAM
320 subscribers
29 photos
2 videos
3 files
63 links
Ushbu kanalda 7QADAM turkum kitoblari va muallif ijodidan bahramand bo'lasiz.

Facebook: https://www.facebook.com/yettiqadam

Instagram: https://www.instagram.com/yettiqadam?r=nametag

Admin: @yettiqadamBot

"Yaratish - yashash demakdir."
Download Telegram
Here I Am
Брайан Адамс
​​​​Odam katta mavqe va davlatga erishib ham, shaxsiy ojizligini yo‘qotmasligi – natijada buzg‘unchi ishlar qilishda davom etishi mumkin. Shuning uchun qo‘lida katta boyligi va qudrati bo‘lgan odamlar har doim ham bunyodkor ish qilavermaydilar.

Keling, shu yerda ikki xil kuch haqida eslab olaylik. Odamzodga (xuddi boshqa har qanday jonzot singari) ikki xil kuch berilgan: moddiy va ma’naviy. Moddiy kuch – atrof dunyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy ta’sir qiladigan kuchdir. Bizning jismoniy kuchimiz – moddiy kuch. Boyligimiz va ijtimoiy ta’sirimiz – moddiy kuch. Mantiqiy fikrlash qobiliyatimiz – moddiy kuch.

Ma’naviy kuch esa – bizdagi hayotiy quvvat darajasi bilan belgilanadi. Og‘ir qaltis vaziyatlarda o‘zini yo‘qotmaslik – ma’naviy kuch. Qo‘rquvlardan holi yashash – ma’naviy kuch. Har qanday holatda ham xotirjamlikni va sergaklikni saqlay bilish – ma’naviy kuch. Odamlarga ma’naviy zavq va ozuqa beradigan ijod namunalarini yaratuvchi ilhom – ma’naviy kuch.

7QADAM - 4
@yettiqadam
7QADAM pinned Deleted message
A Jump Off
John Powell
​​​​Milliy manmanlikka berilgan shaxslarning yana bir mantiqsiz odati bor: ular millatning ojiz vakillarini qabul qila olmaydilar. Ular o‘zbeklar orasida ham turli xatolarga yo‘l qo‘yadigan kuchsiz odamlar borligini tan olishni istamaydilar. O‘z hayotini boshqara olmagan yoki yo‘ldan adashgan millatdoshlarini ko‘rsalar – ulardan nafratlanishga tushadilar. Va bu bilan o‘zlaridagi faxr tuyg‘usi qanchalik nisbiy va ishonchsiz ekanini oshkor qilib qo‘yadilar.

Va nihoyat, faxrning eng yuqori ko‘rinishi – bu g‘ururdir. Ko‘pchilik kibr va manmanlikni g‘urur bilan adashtiradi.
Odamlar o‘zlarida haddan ziyod avj olib ketgan shaxsiy muhimlik tuyg‘usini ham “g‘urur” niqobi ortiga berkitmoqchi bo‘ladilar.

Mag‘rur shaxs – shartsiz va sababsiz g‘ururlanadi. U o‘z xalqi bilan faxrlanish uchun asos ham, sabab ham izlamaydi.
Uning xalqiga bo‘lgan mehri millatning buyuk o‘tmishiga ham, bugun erishgan yutuqlari yoki yo‘l qo‘ygan xatolariga ham bog‘liq emas. U xalqidan shunchaki faxrlanadi. Mana shu milliy g‘urur. Mana shu vatanni shartsiz sevish.

G‘ururli odam o‘z tarixidagi qora kunlardan uyalmaydi. U har qanday millat tarixida ham xatolar, noto‘g‘ri qarorlar bo‘lishini biladi. Bunday odam alohida shaxs singari butun xalq ham o‘z xatolaridan tajriba orttirishini – yuksalib borishini biladi. Mag‘rur odam xalqi o‘tmishda qilgan xatolari va ulardan o‘ziga olgan qimmatli xulosalari bilan ham faxrlanadi. G‘ururli odam o‘z tarixidagi ulug‘ ishlardan kibrlanmaydi. U inson qilishi mumkin bo‘lgan har qanday buyuk ish kamtarona mehnat evaziga amalga oshishini biladi. Bunday odam o‘z millatini boshqalardan buyukroq yoki ustunroq bilgani uchun emas –xalqi hech kimnikiga o‘xshamagan, hech kimniki bilan taqqoslab bo‘lmaydigan o‘ziga xos yo‘l bosib o‘tgani uchun yaxshi ko‘radi.

Faxrning bu uch ko‘rinishini bir-biridan ajratish juda oson. Buni sportga muxlislik qilishda yaqqol ko‘rish mumkin. Kibrli odam o‘zbeklarning ham o‘z sporti, terma jamoasi va chempionlari borligidan faxrlanadi. Vaholanki, u o‘zbek sporti, terma jamoa a’zolari, ular erishgan yutuqlar haqida juda kam narsa biladi. U, shunchaki, faxrlanish yoqimli bo‘lgani uchun milliy sportchilaridan faxrlanadi.

Manman odam terma jamoa kimnidir yutsa, kimdandir ustun kelsagina ulardan faxrlanadi. Unga jamoaning mehnati emas – nom va faxr beradigan yutuq muhim. Bordi-yu sportchilar kimgadir yutqazib qo‘ysa, ular o‘zlarini kamsitilgan his qiladilar. Ularning milliy sport bilan faxrlanishlari bellashuv natijasiga bog‘liq.

G‘ururli odam milliy sporti, sportchilari bilan har qanday holatda faxrlanadi. Uning hurmati g‘alabaga emas – terma jamoaning mehnatiga qaratilgan. U sportchini millionlab yoshlarga sog‘lom turmush tarzi bilan o‘rnak bo‘lgani uchun qadrlaydi. Sportchining musobaqadagi g‘alabasidan ham, mag‘lubiyatidan ham birdek faxrlanadi.

Vatanga bo‘lgan mehringizni kibr va manmanlikdan holi qilsangiz – qolgani sof g‘urur tuyg‘usi bo‘ladi. Kuchli shaxsga o‘z xalqini sevish uchun buyuk tarix yoki nomdor ajdodlar kabi asos kerak emas. Kuchli shaxs o‘z xalqidan yuksalishi yoki tushishi, buyukligi yoki qoloqligi, g‘olib yoki mag‘lubligidan qat’iy nazar faxrlanaveradi. Kuchli shaxsning milliy g‘urur tuyg‘usi ham kuchli va haqiqiy bo‘ladi.

7QADAM - 5
@yettiqadam
​​​​...Umuman, nafrat – dinga xos bo‘lmagan tuyg‘u. E’tiqodi butun odam nafratdan nari yuradi. Faqat mehr yaratuvchi kuchga ega. Nafrat – shaytoniy tuyg‘u. U faqat vayron qilishni biladi. Shuning uchun qahrga berilganda biz nimalarnidir sindirgimiz, buzgimiz keladi.

Dinning asl mohiyatini yaxshi anglamaganlar boshqacha hayot tarzini tanlaganlarga nafrat bilan qarashga odatlangan. Buning sababi ularning o‘zlari yagona to‘g‘ri yo‘ldan borayotganliklariga ishonishidir. Ammo haqiqatga borish yo‘llari cheksiz ko‘p – din ulardan biri, xolos.

Dunyoda dinlar qadrini tushirayotgan va dinga nisbatan ishonchsizlik, hadiksirash hisini paydo qilayotgan voqealar ortida dinga noto‘g‘ri munosabat turadi. Dinni o‘z shaxsiy manfaatlariga erishish, boshqa odamlarni o‘z izmiga solish uchun ishlatadigan odamlar va guruhlar faoliyati natijasida ommada din haqida asossiz salbiy tasavvur uyg‘onmoqda. Yana qaytaraman - din o‘z-o‘zicha buzg‘unchi narsa emas, undan alohida odamlar va guruhlar buzg‘unchi maqsadlariga erishishda foydalanadilar, xolos.

E’tiqod haqiqatga erishish uchun nima qilish kerakligini aytadi: “ilm izla, shukr keltir, bunyodkor ishlar qil”. Din shularni qanday qilish kerakligini aytadi: “falon kitobni falon marta o‘qib chiq, boyligingdan sadaqa ber, ibodatxona qur”. Asrlar davomida din ana shunday ko‘rsatmalarning eng sara va samaralilarini jamlab keladi. Natijada bu ko‘rsatmalar inson hayotining deyarli hamma jihatlarini qamrab olgan va ularning barchasiga amal qilishga bitta odam umri davomida ham ulgurmasligi mumkin. Ba’zida bir dinning ichida turli xil ko‘rsatmalar paydo bo‘ladi va alohida yo‘nalish, mazhab va oqimlar kelib chiqadi.

Biznikidan boshqacha yo‘ldan borayotganlarni hurmat qilishni o‘rgansak – ana shunda bunyodkor shaxs bo‘lamiz. Ana shunda dinimiz bizga ato etgan bilimlardan o‘zimiz bilmay boshqalarni ayblashda foydalanmagan, bu bilimlarni o‘zimiz va yaqinlarimiz hayotini baxtliroq va mazmunliroq qilishga safarbar qilgan bo‘lamiz.

7QADAM - 4
@yettiqadam
I Gorni
Ludovico Einaudi
Agar kitob sizga maqul kelgan bo'lsa, uni do'stlarga tavsiya qiling. Bunday bilimlarga ega bo'lish va foyda topishga har kim haqli.
Ishoning, atrofimizda kuchli shaxslar qancha ko'p bo'lsa, hayotimiz shuncha farovon bo'ladi. :)
Audio
​​​​O‘zlikni anglab, kuchli shaxs bo‘lishning eng oliy mukofoti – inson yangi kengliklarni kashf qilishidir. Shaxsiy kuch sizga to‘rtinchi va undan ko‘p o‘lchamlar eshigini ochib beradi. Intuitsiyangiz rivojlanib, dunyoga vaqt va fazoga tobe bo‘lmagan holda qarashni o‘rganasiz.

Juda xayolparast gaplardek tuyilmayaptimi sizga bular? Agar shunday tuyilayotgan bo‘lsa – demak aqlingiz mantiq yordamida hali ham sizni nazoratda saqlayapti ekan. Axir, yuqoridagi gaplarni imkonsiz xayollar sirasiga qo‘shgan aynan mantiq.

Men intuitsiya (ya’ni qalb bilimi) haqida bejiz gapirmadim. Maqsadlarimizga oson erishishda intuitiv bilimlarning ahamiyati katta. Intuitsiya esa shaxsiy kuchi ko‘p odamlarda kuchli bo‘ladi.

Biz – uch o‘lchamli odamlarmiz. Ammo bizga shu uch o‘lcham chegaralaridan tashqariga chiqish qudrati berilgan. Shunday imkoniyatimizga ishonmaganlar mana shu yerda bizni tark etishlari mumkin. Insonning cheksiz imkoniyatlariga ishonganlarga esa meni hali aytadigan gapim ko‘p.

7QADAM - 3
@yettiqadam
​​​​Yot maqsadlarni insonga oila, jamiyat, g‘oya beradi. Gitlerning g‘oyasiga ergashganlar yot maqsadga intilgan. Axir, aytaylik, Myunhenlik oddiy nemis kishiga Yahudiylarni qirg‘in qilish yoki nemislarni hukmron irq darajasiga ko‘tarish nimaga kerak bo‘lishi mumkin? Bu oilali va sodda nemisga emas – Gitler va uning partiyasiga kerak bo‘lgan. Umuman, urushlar-u inqiloblar juda ko‘p odam ular uchun begona maqsadlarning ortidan yurganida kelib chiqadi. Tarix buni ko‘p bora isbotlagan.

Insonni yot maqsadlardan tejab qoluvchi odat – albatta, sergaklik. Biz u yoki bu intilishlarimiz aslida kimga kerak ekanini faqat sergak nazar bilan payqay bilamiz.

Maqsad – xuddi farzanddek. U faqat baxt ato etadi, hayotingizni mazmunga to‘ldiradi. Uni ham quvonch bilan kutib olish, tarbiyalash va qadrlash kerak. Yot maqsadlarga ergashish xuddi o‘z bolangizni qarovsiz qoldirib, boshqalar bolasiga g‘amxo‘rlik qilishdek gap.

O‘z maqsadlaringizni sergaklik elagidan o‘tkazib ko‘ring: ularning qaysilari puch yoki yot ekanini bilib olasiz. Sizning maqsadlaringiz – hayotda kim ekaningizni ko‘p jihatdan belgilab beradi. Shunday ekan, puch yoki yot maqsadlarga ergashish – o‘zligini yo‘qotish bilan barobar.

7QADAM - 3
@yettiqadam
​​Aziz doʻstlar!

Ajoyib yangilikni sizga yetkazishdan mamnunmiz.

Oʻzbek tili imlo dasturi (imlo.insof.uz) yangi nom va koʻrinishga ega boʻldi. Xizmat uchun savodxon.uz manzilini tanladik.

Yangi brend barchamizga muborak!

https://savodxon.uz/
​​​​Noshukrlikning davosi – shartsiz orzu qilishdir. Ya’ni orzuga erishish uchun emas – orzu qilish jarayonidan rohatlanish uchun orzu qilish. Mana sizga noshukr odamning orzu qilish tartibi:

“Qaniydi, Karibdagi biror orol sohilida o‘zimni oftobga solib yotsam. Juda maza bo‘lardi-da” – bu jarayonning sof orzu qismi, unda odamning ko‘zlari yumilgan, tanasi bo‘shashgan, chehrasi ochiq bo‘ladi. Undan keyin keladigan fikr: “Buning uchun pulim bo‘lishi kerak-da” – bu shart qismi, ya’ni orzuga erishish uchun qanday shart bajarilishi kerak. Tamom, orzu mana shu yerda tugaydi. Odamning yuzi darrov jiddiylashadi, tana muskullari taranglashadi, aql o‘z ishini boshlaydi. Keyingi fikr: “Xo‘sh, pulni qayerdan olsa bo‘ladi? ‘A’ qilsammikan, ‘B’ qilsammikan?..” – bunisi endi reja qismi. Bunda orzuning hidi ham qolmaydi, odam endi aqliy faoliyat bilan band (foydasiz aqliy faoliyat bilan). Oxirgi fikr: “Har yo‘liga qilsam ham, kerakli pulni topa olmas ekanman. Esizgina, kinolarda ko‘rgan joylarimni ko‘rish nasib qilmas ekan-da...” – bu orzuning dafn marosimi, uni chuqur qabrga ko‘mib, ustiga armon toshi qo‘yiladi.

Mana bunisi rostdan ham Yaratganning cheksiz marhamatiga ishongan, uning qudratiga shubha qilmagan odamning orzu qilishi:

“Dengiz bo‘yida maza qilib oftobda toblansam. Yaqinlarim ham yonimda bo‘lsa. Ha nima – Xudo beraman desa, beraveradi. Mana, ishlarim yaxshi ketyapti, topishim yomonmas. Shu paytgacha ko‘p niyatlarimga erishdim. Bir kun kelib, dengiz bo‘yiga ham boramiz-da, Xudo xohlasa. O‘sha kunlarga o‘zi yetkazsin, iloyim...”

Bu odamning butun orzu qilish jarayonida yuzidan tabassum ketmaydi. Orzu qilayotgandayoq xuddi niyatiga erishgandek dili yayraydi. Bunga qanday erishadi, buning uchun nimalar qilish kerak – bu uni qiziqtirmaydi. Unga orzu qilishing o‘zi yetarli. U atrof-dunyoga o‘z orzusini qush kabi uchirib yuboradi: agar ahdi mustahkam bo‘lsa, bir kuni orzusi uning oldiga o‘z ro‘yobini boshlab keladi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: orzuni avval boshidayoq armonga aylantirib, ko‘mib tashlagandan ko‘ra, uni erkin qo‘yib yuborgan yaxshi emasmi? Aytaylik, siz shaharning bir nuqtasidan boshqa nuqtasiga bormoqchisiz. Aynan siz bilgan yo‘l ta’mirlash vaji bilan to‘sib qo‘yilgani sababli siz yo‘lga chiqishdan voz kechdingiz. Lekin sizni ko‘zlagan manzilingizga olib boradigan yo‘llar soni cheksiz – ularning hammasini siz bilishingiz shart emas, yo‘l o‘zi sizni olib boradi.

Xuddi shunday, sizdan orzu qilish va harakatlanish talab etiladi, xolos. Istagingizga sizni aynan qaysi yo‘llar bilan va qaysi vositalar yordamida yetkazishni siz Xudoga ishonib topshiring. Toki U orzuyingizga siz bilmagan va xayolingizga ham keltirmagan qisqa va zavqli yo‘llardan olib borsin. Faqat maqsadingizga erishganingizda shukrona keltirishni unutmang.

7QADAM - 3
@yettiqadam
​​​​Xalq biror nima yoki biror kimdan qo‘rqqani uchun davlat tuzmaydi. Xalq o‘z istaklariga erishish uchun maqsadlar va amallarni muvofiqlashtirish uchun davlat tuzadi. Qaysidir davlat xalq intilishlarini inobatga olmay ish qilishni boshlasa, xalq bunday davlatni ag‘darib tashlashdan aslo qo‘rqmaydi. Davlatning mavjudligiga asos – xalqning qanchalik undan qo‘rqishi emas, uning xalqqa qanchalik yaxshi va to‘g‘ri xizmat qilishidir.

Ba’zi odamlar davlat xalqdan qo‘rqsagina, jamiyat taraqqiy topishini ta’kidlaydilar. Bu ham bir keskinlik va tarix bu fikr qanchalik xato ekanini ko‘p marta ko‘rsatgan. Bunga misol izlab uzoq o‘tmishga va uzoq o‘lkalarga murojaat etish shart emas. Mamlakatimizga qo‘shni Qirg‘izistonda odamlar shu kabi tamoyilda yashaydilar. Ikki inqilobdan so‘ng, bu mamlakat xalqi davlatni qo‘rquv ostida tutishga o‘rgangan. Natijada esa jiddiy qarorlar qabul qila olmaydigan, hammaning ko‘nglini teng olishga intiladigan amorf va zaif hukumat yuzaga kelgan. Davlat uzoq muddatli islohotlar bilan jamiyat hayotini yaxshilash o‘rniga, qisqa muddatli loyihalar bilan xalq kayfiyatini yaxshi saqlash bilan band bo‘lib qolgan. Bunday hukumat mamlakat manfaatini xalqaro hamjamiyatda himoya qilishga ham, xalq uchun ishonchli kelajakni ta’minlovchi strategik siyosatni olib borishga ham ojiz.

Aflotun “Davlat” deb atalgan asarida bunday turdagi davlatda odamlar o‘zlariga berilgan erkinliklarni suyiiste’mol qilishlarini, bu holat borgan sari chuqurlashib borishini, oxir oqibatda bunday jamiyatda zolim hukmdorlar chiqishini mantiqiy tahlillar bilan izohlagan. Xalq kuchi oldida qo‘rqib, zaiflashgan davlatlar turli tashqi xatarlar oldida ojiz qolishini uzoq va yaqin tarix ham ko‘p marta amalda isbotlagan.

Yuqoridagilardan xulosalar juda oddiy: shaxs va davlat o‘rtasidagi munosabatlarga qo‘rquv aralashmasligi lozim. Davlatidan qo‘rqqan xalq ham, xalqidan qo‘rqqan davlat ham bunyodkor ishlar qilishga noqodir. Zaif davlat esa hech birimiz manfaatimizga xizmat qila olmaydi.

Xo‘sh, shaxsning davlatdan – davlatning shaxsdan qo‘rqmasligini ta’minlash uchun qanday tamoyilga amal qilgan ma’qul?

Shaxsning davlatga munosabati ishonchga asoslanishi lozim. Biz o‘z davlatimizga ishonishimiz, har qanday holatda ham unga suyanishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bunday ishonch davlatning faoliyatidan to‘la xabardor bo‘lish bilangina yuzaga keladi. Biz davlatimiz nima qilayotganini va nega shunday qilayotganini bilib tursak, unga yaqin bo‘lishimiz, uning siyosati bizning intilishlarga mos ekanini ko‘ra bilishimiz, uning qarorlari bizning manfaatga xizmat qilishini anglashimiz oson bo‘ladi.

O‘z faoliyatida oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga amal qilgan, o‘z amallarini xalqqa oddiy va tushunarli tilda yetkaza bilgan davlat ham xalq noroziligi soyasida qolish xavfidan himoyalangan, jamiyatdagi ichki ziddiyatlardan sug‘urtalangan bo‘ladi.

Davlatdan qo‘rqish hisidan holi bo‘lmagan odam shaxsiy erkinlikka erisha olmaydi. Biz bolalikdan begonalardan qo‘rqamiz – demak, davlat bilan yaqindan tanish bo‘lsak, u bilan do‘st tutinsak, unga ishonishni va uni hurmat qilishni o‘rgansakkina, undan qo‘rqmaydigan bo‘lamiz.

Davlatga undan qo‘rqadigan fuqarolar kerak emas. Bunday fuqarolardan jamiyatga naf kam. Bunday shaxslar mustaqil qarorlar qabul qilishdan ham, o‘z qarorlari uchun mas’uliyatni o‘zlariga olishdan ham qo‘rqadilar.

Xalqdan qo‘rqadigan ojiz davlat ham hech bir xalqqa kerak emas. Bunday davlat hatto o‘z xalqi manfaatlariga xizmat qiluvchi qarorlarni ham xalq qahridan hadiksiz qabul qila olmaydi.

Kuchli shaxs belgisi qo‘rquvdan holilik bo‘lganidek – kuchli jamiyat ham har qanday qo‘rquvdan holidir.

7QADAM - 5
@yettiqadam
7QADAM pinned Deleted message
7QADAM turkum kitoblarini Rossiyada yashovchi kitobxonlar uchun yana ham yaqin qildik. Endi siz Rossiyaning o'zida kitobning elektron yoki bosma ko'rinishi uchun buyurtma berishingiz mumkin. Link:
https://ridero.ru/author/zh_raev_zhavlon_suvg2/#.W-LCpgqkNBw.facebook