Muhrim / Муҳрим
14K subscribers
922 photos
399 videos
2 files
2.19K links
Gap bormi? Marhamat — @muhrimchatbot

Tijoriy takliflar uchun @muhrim_reklama_bot ga murojaat qiling.
Download Telegram
Technovation degan xalqaro konferensiya bor. Unga avvallari Ostona, Abu-Dabi, Keyptaun, Stokgolm va Vashington mezbonlik qilgan. Bu safar anjuman Toshkentda o‘tkazildi. 30-sentyabr kuni tashkil etilgan xalqaro tadbirda O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkilotidagi vakili, Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek O‘runov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev so‘zga chiqdi.

JW Marriott Tashkent mehmonxonasida o‘tkazilgan konferensiya innovatsiyalar, investitsiyalar va ilmiy faktlarga tayangan holda tartibga solish amaliyotiga bag‘ishlandi. Unda bir necha mavzu bo‘yicha panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi. Masalan, “Innovatsion transformatsiyaga investitsiyalar” sessiyasida Yashil Energy, Coca-Cola Uzbekistan, EPAM, PMI va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbarlari va vakillari sarmoya va ishlab chiqarishni yangilash masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston, Rossiya, Tojikiston va Qozog‘istondan taklif qilingan shifokor va olimlar sog‘liqni saqlash sohasidagi innovatsiyalarni muhokama qildi. Qozog‘istonlik tibbiyot fanlari doktori Meyram Raganinning shu sessiyada: “Zararli narsalarni taqiqlash emas, balki ularning zararini tushuntirish samaraliroqdir”, degan mazmunda bildirgan fikri barcha spikerlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

“Transformatsiya jarayonida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish” sessiyasida Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Akramjon Axlimirzayev noqonuniy mahsulotlariga qarshi kurashish sohasidagi O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Qayd etish joiz, bu tajriba xorijiy hamkorlar tomonidan ham muvaffaqiyatli namuna sifatida o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlarini tadqiq etish markazi, Qozog‘iston Milliy iste’molchilar ligasi va O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari esa yangi mahsulot toifalari bozorga kirib kelayotgan sharoitda iste’molchilarni to‘g‘ri xabardor qilish va ularning manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqdi.
A’zamxo‘jayev / Аъзамхўжаев
Chilonzorga Yangihayotning hokimi Hayot Inog‘omov hokim bo‘libdi (#)
Shu suratda qo‘li ko‘ksida turgan yangi hokimning orqa tarafida o‘tirgan kishi — Saidqahhor Xolxo‘jayev — shu bugungacha Chilonzor hokimi edi. Menimcha, Saidqahhor aka Chilonzorga yaxshi hokimlik qildi, imkoniyati doirasida tuman muammolarini yechishga intildi. Hatto Chilonzor hokimligining oldini parkka aylantirdi — bunaqasi hatto shahar hokimligida ham yo‘q (kimdir shahar hokimligining oldida City bor-ku, deb yengmoqchi bo‘lishi mumkin, lekin u, menimcha, boshqa narsa). Hayot Inog‘omovdan ham Chilonzorga tegadigan foyda Saidqahhor Xolxo‘jayevnikidan kam bo‘lmasa kerak.

O‘rni kelganda bir gap: Chilonzor — hozirgi Toshkentning qalbi 🙂 Chilonzorga hokim bo‘lish esa sharaf!
Forwarded from Kainbek
Муҳримнинг гапларига қўшиламан ва имзо чекаман. Саидқаҳҳор Холхўжаев Чилонзор тумани ҳокими сифатида яхши ишлади, дея айта оламан. Инфраструктура, айниқса, пиёдалар учун катта лойиҳалар қарийб охирига етказилди, муаммолар билан ишлашда тезкор реакция қиларди. Саидқаҳҳор акага янги вазифаларида омад тилайман.
Saida Mirziyoyeva Turkiyada mamlakat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashibdi, qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston prezidentining salomini yetkazibdi.

“O‘zbekiston va Turkiyani do‘stlik hamda yaqin hamkorlik rishtalari bog‘lab turadi. Muloqot chog‘ida birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijalari va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildik”, — deb yozgan Saida Mirziyoyeva Turkiya davlat rahbari bilan bo‘lgan uchrashuv haqida.

Umuman, kun davomida u Erdo‘g‘onning to‘ng‘ich o‘g‘li hamrohligida Istanbuldagi Ibn Xaldun universiteti va “Yenido‘g‘u” maktabini borib ko‘rgan, prezidentning kenja qizi va kuyovi bilan birga Bayraktar dronlarini ishlab chiqadigan “Baykar” kompaniyasida bo‘lgan.

Ular Saida Mirziyoyevaga Turkiyaning birinchi uchuvchisiz qiruvchi samolyoti — Bayraktar Kizilelma maketini sovg‘a qilishibdi. Ajab emas, biz ham ushbu yangi va yuksak texnologiyaning asosiy xaridorlaridan biri bo‘lsak. Har qalay, harbiy havo kuchlarimizni mutassil yangilayapmiz.
Kuryerlar — kuch!

Shu joyning shundoqqina yonida davlatning tartib posbonlari uchun falon million so‘m evaziga maxsus o‘rnatilgan bo‘lma borligiga, davlatning qanchadan-qancha kazo-kazolari (bo‘lganda ham eng-englari) kunda-shunda shu yerdan o‘tganiga, shu yerda ovqatlanganiga qaramay, davlat shu vaqtgacha “ko‘rmagan” (yo “ko‘rishni xohlamagan”?) va “bilmagan” (yo “bilishni xohlamagan”?) muammoni bir kuryer o‘zining bitta videosi bilan hal qilib berdi. Skuter mingan va kamerasi bor bir kuryer bir necha o‘n millionlab so‘m maosh oladigan minglab xodimlari bor apparatdan samaraliroq va qudratliroq ekan.

Kuryerlar — kuch! Chinakam jamoatchilik nazorati — kuch! Ochiqlik va oshkoralik — kuch!

PS. Kuryerni urmoqchi bo‘lgan “zo‘r”ga qanday chora ko‘rilarkin, qiziq. Yo “prezidentimiz va xalqimizdan uzr” so‘rab, qutilarmikin?

UPD. Okaxonga “mayda bezorilik” moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilibdi. Balki biror sutka qamalar.

UPD-2. Uzr so‘rabdi.
5
Ikki kun avval, 16-oktabrda Press Qahramon bir maktabga borib, o‘z hamrohlari bilan bir boshlang‘ich sinfga kirib, xuddi sovg‘a beradigan Qorboboning ohangida o‘quvchilarga: “Kim bugun mashinaning old o‘rindig‘i – haydovchining yonida o‘tirib keldi?”, deb savol bergan videosi chiqqandi. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, uch o‘quvchi xursand bo‘lib, qorataxtaning oldiga chiqqan. Keyin Press Qahramon ulardan otalarining ismini so‘rab, endi ularga jarima solinishini e’lon qilgan.

Salkam 10 mln marta ko‘rilgan bu videoning oxiri — jarima solindimi-yo‘qmi — muhim emas (ahamiyatlisi, uch bolaning shaxsi butun mamlakatga oshkor qilindi, bu esa o‘zi jiddiy huquqiy muammo). Qoidalarga rioya etilishini targ‘ib va talab qilishga hech kim qarshi bo‘lmasa kerak, lekin Press Qahramon tanlagan nobop usul 9-10 yoshli bu o‘quvchilarni juda noxush va noqulay vaziyatda qoldirganini ham tushunish muhim.

Zotan o‘sha sinfxonadagi vaziyat shu video tarqatilmaganida ham juda yomon — o‘quvchilar eng kamida o‘z sinfdoshlari oldida yoqimsiz vaziyatda qoldirilgan (kamiga, rost gapning to‘qmog‘ini yegan). Press Qahramon va uning hamkasblari biror “kotakon”ning hali 12 yoshga to‘lmagan nevarasi biror premium avtomobilning old o‘rindig‘ida ketayotganini ko‘rsa, uni jazolash tugul, mana shunday videoga olib chiqara olishiga ham ishonish qiyin, buyoqda esa hech narsadan shubhalanmay, xursand bo‘lib “doska”ga chiqqan uch o‘quvchini endi butun mamlakat muhokama qilyapti (qani endi Press Qahramon o‘sha videosi ostidagi kommentlarni yopib qo‘ygani bilan bu muhokamalarni to‘xtatib bo‘lsa).

Afsuski, Press Qahramon qilgan ishi, tanlagan targ‘ibot usuli o‘rinsiz bo‘lganini hali ham anglamagan, nazarimda. Sog‘lom fikrli vatandoshlarimiz huquq-tartibot xodimlarining maktabdagi bu xatti-harakati o‘rinsizligini faol ta’kidlab kelayotgan bir vaqtda, u bugun, 18-oktabr kuni Instagramdagi sahifasiga IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning eski, lekin g‘alati mashhur bir videosini qo‘yibdi. U videoning ma’nosi, taxminan, bunday: melisani kimlar yomonlaydi? Melisani faqat “shoqol”lar va g‘alamislar yomonlaydi. Qolganlar esa “melisaga ishim tushmasin!” deb duo qiladi.

Xalq “shularga ishim tushmasin!” deb duo qiladigan o‘zbek melisasi vakili hisoblangan Press Qahramonning maktabdagi xatti-harakatlarini Erkinjon Turdimov boshliq Ta’lim vazirligi ham, O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham qoraladi. Melisa jargoni bilan aytganda, “yomonladi”. Press Qahramon “NO COMMENT” degan izoh bilan Shohrux G‘iyosovning videosini go‘yoki unga qaratilgan tanqidlarga javoban chiqararkan, bu bilan nafaqat O‘zbekistonning faol jamoatchiligini, balki, hozircha, Ta’lim vazirligi va Bolalar ombudsmanini ham “shoqol va g‘alamislar”ga tenglashtirib qo‘yganini tushungan bo‘lsa bo‘ldi.
4
A’zamxo‘jayev / Аъзамхўжаев
Boya Yunusobodda, shuningdek, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanining ayrim joylarida “svet” o‘chib qolgandi (katta avariya, ishqilib). Bolalar o‘ynaydigan bitta pufakchani deb bo‘libdi shu ish (#)
Ukraina bilan Rossiya bir-birining energetika obyektlariga “Trampingga ham!” deb tinimsiz zarbalar berib yotgani haqida har kuni xabarlar chiqavergani, bu ham kamlik qilganidek, ular bir-birining hujumidan qanday himoyalanayotgani haqidagi materiallarni ko‘p o‘qib yuborganing sababli, Qibraydagi bitta elektr stansiya hududiga oddiygina qizil pufakchaning uchib kirib, transformatorlardan biriga tegib ketishi oqibatida Toshkentning yarmi zulmatga cho‘mganini ko‘rganingdan keyin, beixtiyor, PUFAK HUJUMIDAN HIMOYA QO‘SHINLARIni tuzish kerak emasmikin, deb o‘ylab qolarkansan kishi.
1
Bugun prezident tomonidan imzolangan va “takomillashtirilgan harfli” lotin alifbomiz 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi (shuning uchun qonunning o‘zi ham 1995-yilgi alifbo harflari bilan e’lon qilindi). Harflar takomillashtirilgunicha chiqarib qo‘yilgan eski hujjatlar va so‘mlardan foydalanaveramiz, bu tur ashyolar bo‘yicha, aftidan, oxirgi muddat yo‘q (ehtimol, bo‘lmas ham).

Mabodo hukumatimiz alohida muddat belgilab qolmasa, harflar takomillashtirilgunicha chiqarilib, ilib, o‘rnatib, qoqib qo‘yilgan O‘zbekiston gerblari, shahar, tuman, ko‘cha va hokazo geografik nomlar yozilgan peshlavha va ko‘rsatkichlardan ular yaroqsiz holga kelib qolguniga qadar foydalanilaverarkan (ne baxtki, bunday peshlavha va ko‘rsatkichlar shundoq ham juda sifatsiz qilinadi, alifbo o‘zgarsa-o‘zgarmasa ularni har yarim yilda almashtirish kerak).

Takomillashtirilmagan harflar bilan yozilgan yana bir dunyo ashyo turlari bor, ularning ro‘yxatini va qachon almashtirilishini hukumat belgilaydi. Vazirlar Mahkamasi, agar ulgursa, keyingi ikki oy ichida bugun imzolangan qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini qabul qilishi kerak (lekin dasturni yarim yilda ham tayyorlab ulgurmasa kerak).

Ana o‘shanda bilib olamiz — 2027-yil 22-apreldan faqat va faqat “takomillashtirilgan harfli” alifbodan foydalanish bo‘yicha mamlakatimiz uchun misli ko‘rilmagan radikal yo‘ldan yura boshlaymizmi yo o‘tgan 31 yildagidek bir vaqtning o‘zida bir necha alifbodan (xususan, kirilldan) qiynalib foydalanishni ko‘zda tutadigan o‘zimizga xos liberal yo‘ldan yurishda davom etamizmi.

Ha, hali yarim yil bor (kamiga bu muddatni yana bir yangi qonun bilan kechiktirishdan osoni yo‘q), lekin baribir radikal yo‘ldan yura olishimizga, masalan, “Xalq so‘zi” va “Yangi O‘zbekiston” gazetalari faqat “takomillashtirilgan harfli” lotin alifbosida bosilishiga, ularning kirillcha talqinlari chop etilishi to‘xtatilishiga ko‘zim yetmayapti.

Endi bu, masalan, skuter mingan dastafkachilardan “prava” va avtoraqam talab qilish yoki elektrokarlarni majburiy kuf-suf testdan o‘tkazish kabi ish bo‘lsa edi, shubhaga o‘rin qolmasdi — davlatimiz bunaqa sohalarda keragidan ortiq radikal bo‘la olishini ko‘p ko‘rganmiz. Lekin til, yozuv masalasida — bilmadim, ishonish qiyin (lekin hayratlanishga va adashganimni tan olishga tayyorman, albatta).

Hay, ko‘raveraylik-chi, nima bo‘larkin. Nima bo‘lganda ham, alifbo (va uning amaliyotga qanday tatbiq etilishi) atrofidagi muhokama va munozara bo‘lishi va to‘xtamasligi kerak. Chunki hozirgi “takomillashtirish”, eng kamida, chala.

O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
2
Qilsa bo‘lar ekan. Davlat bu ishni uch yil avval qilishi kerak edi. Manba
“O‘zbekfilm” studiyasi oldidagi ko‘chani O‘zbekfilm deb qayta nomlash — chindan zo‘r taklif, shaharda o‘zining yaxshi hikoyasi, tarixi bor yana bir ko‘cha paydo bo‘ladi. Lekin Kino san’ati muzeyini “O‘zbekfilm” muzeyi deb, Milliy kinofondni “O‘zbekfilm” milliy kinofondi deb qayta nomlashga shoshmaslik keragov.

Ha, rus adabiyotining hamma klassiklari Gogolning “Shinel”idan chiqqanidek, o‘zbek kinosidagi hamma namoyondalar “O‘zbekfilm” pavilyonlarida ulg‘aygan, aksariyat boshqa milliy studiyalar uchun “O‘zbekfilm” maktab vazifasini bajargan — bu borada bahs yo‘q. Lekin baribir o‘zbek kinematografiyasi tarixidagi hamma narsa ham “O‘zbekfilm”da bo‘lavermagan, mamlakatimizdagi hamma kinokartinalar ham faqat “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olinmagan.

Oddiy misol — Zulfiqor Musoqovning “Abdullajon” filmi “Vatan” kinostudiyasi tomonidan, “Vatan” filmi esa “Yoshlar 5-studiyasi” tomonidan tasvirga tushirilgan (nazarimda, kinomiz tarixida shunday bir davr ham bo‘lganki, “O‘zbekfilm”dan ko‘ra aynan shu “5-studiya” sermahsulroq, mazmunliroq ishlagan — milliy kinofondda ularning ishlari alohida saralansa ham, bunga ishonch hosil qilish mumkin).

“O‘zbekfilm”ning o‘z muzeyi bo‘lishi kerak va u o‘z muzeyi (va nafaqat muzeyi, balki tematik parklari) bo‘lishga loyiq kinostudiya. “O‘zbekfilm”ning o‘z kinofondi ham bo‘lsin — hamma katta kinostudiyalarning o‘z arxivlari, bazalari bo‘ladi, g‘oyaviy mazmunidan qat‘i nazar shu studiyada olingan hamma narsa shu fondda jamlansin va xalq ham bu xazinadan foydalana olsin.

Lekin O‘zbekistonning milliy kino san’ati muzeyi va milliy kinofondi alohida, hatto “O‘zbekfilm” kinostudiyasidan ustunroq bo‘lishi kerak. Menimcha.
Ko‘zingiz tushayotgandir, o‘zingiz ham balki shu jarayonda qatnashgandirsiz — hozir mamlakatimizda Android operatsion tizimida ishlovchi telefonlarga davlatimiz yasagan bir qo‘riqchi dasturni ommaviy o‘rnatish sharpasi kezib yuribdi. Aytishlaricha, yo‘llardagi YPX xodimlari ham, maktablarning bitiruvchi sinflari o‘quvchilari ham, yana boshqa-boshqalar ham mana shu dasturni butun mamlakat Android telefonlariga yoppasiga o‘rnattirish sayliga majburiy-ixtiyoriy “taklif etilgan”.

Qiziq tomoni, bu qo‘riqchi dasturni ayfonlarga o‘rnatish shart emas ekan; aftidan, buzg‘unchi APK dasturlar ayfonlarni zararlay olmaydi. Videoda YPX xodimi ham: “Telefoningiz ayfonmi? Unda ketavering”, deb hafsalasi pir bo‘lgani shundan. Mana shu joyida bir taklif tug‘ilib qoldi-da.

Modomiki, g‘amxo‘r davlatimiz onlayn qaroqchilardan jabrlanayotgan xalqimizning kiberxavfsizligi haqida shunchalik jiddiy qayg‘urayotgan bo‘lsa, unda ishni osonroq amallardan, masalan, “Ayfon solig‘i”ni bekor qilishdan boshlasa bo‘lmasmikin-a? Davlatimiz hammaga ayfon tarqatsin, demayman, bu insofdan emas, kamiga, davlatimiz bu ish uchun yana chet eldan qarz olib yuborishi mumkin. Ammo davlatimiz o‘z kibrini ozgina yig‘ishtirib, O‘zbekistonga kirib kelayotgan ayfonlarning narxini pasaytirishga xizmat qiladigan qadamlarni tashlab bersa ham, aholining kiberxavfsizligi ancha oshgan bo‘lardi, nazarimda.

O‘z-o‘zidan, davlat haqiqatan ham aholining kiberxavfsizligi haqida qayg‘urayotganiga ishonsa bo‘lardi shunda. Hozir esa bu — aholiga bu dastur o‘zi nimayu nega kerakligi ham tuzuk-quruq tushuntirilmayotganidan — navbatdagi haybarakallakachilik tadbiriga o‘xshaydi. Xudo ko‘rsatmasinu, ertaga shu “kiberxavfsizlikni ta’minlovchi qo‘riqchi dastur”ning o‘zi aholining ma’lumotlarini, pullarini o‘g‘irlab qo‘ysa bormi, sichqonning ini necha milliard tanga bo‘larkin, bilmadim lekin.