Prezident matbuot kotibi | Sherzod Asadov
✔
166K subscribers
6.49K photos
1.1K videos
4.92K links
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibining rasmiy kanali

Facebook: facebook.com/PressSecretaryUZ

Instagram: instagram.com/press_secretary_uz

Х: x.com/Sherzod_Asadov
Download Telegram
Prezidentimiz 2027-yildan oliygohlarda tor soha mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish – rezidentura bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Talabalarga 3 million so‘m stipendiya to‘lanadi.

Yo‘nalishga qarab rezidentura ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Oilaviy shifokorlik bo‘yicha o‘qish ikki yil, jarrohlik bo‘yicha esa besh yil bo‘ladi.

Oliygohlarga klinikalar bog‘lanib, “universitet klinikasi” tizimi joriy etilgan. Endi tibbiyotdagi ilmiy tadqiqotlarning 80 foizi oliygohlar klinikasida bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadqiqotlarda tashxis aniqligini oshirish, davolash samarasini yaxshilash va asoratlarni kamaytirishga e’tibor qaratiladi.

Facebook|Instagram|X
Kun sayin tibbiyotga yangi texnologiyalar, zamonaviy diagnostika va davolash usullari kirib kelmoqda.

– Tibbiyot xodimlari doim o‘z ustida ishlashi, yangiliklardan ortda qolmasligi kerak!

– dedi Prezidentimiz.

Shu bois, xodimlar malakasini oshirishga xususiy sektor faol jalb etiladi. Tibbiyot xodimlari qayerda malaka oshirishni o‘zlari mustaqil tanlaydi.

Birlamchi bo‘g‘in va tumanlardagi xodimlarning malaka oshirish xarajatlari to‘liq qoplanadi. Mazkur xarajatlarni davlat o‘z zimmasiga oladi.

Natijada tumanlarda ishlaydigan 130 ming tibbiyot xodimining har yili 100 milliard so‘m mablag‘i o‘zida qoladi.

Facebook|Instagram|X
– Aholi salomatligi bilan bog‘liq sohada aniq tartib, qat’iy nazorat bo‘lishi, bu faoliyat bilan faqat professionallar shug‘ullanishi kerak,

– dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimiga uzoq tayyorgarlik ko‘rildi, ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Tizim kelasi yil 1-iyuldan yo‘lga qo‘yiladi.

Dastlabki bosqichda davlat ro‘yxatidan o‘tish ixtiyoriy bo‘ladi. 2030-yildan esa bu tartib majburiy tus oladi.

Ro‘yxatdan o‘tgan shifokor va farmatsevtlarning ish haqiga 7 million so‘mdan, hamshiralarga 3,5 million so‘mdan ustama to‘lanadi.

Mutasaddilarga sohada ta’lim sifati, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash topshirildi.

Facebook|Instagram|X
Prezidentimiz xususiy klinikalar soni 2017-yildagi 3,5 mingtadan 9 mingtadan ortiqqa yetganini qayd etdi. Ayrim yuqori texnologik xizmatlarda xususiy sektor oldinga o‘tdi: uning ulushi stomatologiyada 90 foiz, diagnostikada 70 foiz, LOR xizmati, urologiya va oftalmologiyada 60 foizni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, hududlar o‘rtasida katta tafovut saqlanib qolmoqda. Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida xususiy klinikalarning 35-40 foizi statsionar o‘rinlarga ega. Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo, Jizzax va Navoiyda bu ko‘rsatkich 15 foizga ham yetmaydi.

Tibbiy reabilitatsiya, nefrologiya, onkologiya, neyroxirurgiya, psixiatriya, narkologiya va tug‘uruq komplekslari kabi talab yuqori yo‘nalishlarda xususiy sektor ishtiroki kutilgan darajada emas. Ushbu yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Hokimlar har yili xususiy klinikalar uchun yer uchastkalarini belgilab, e’lon qiladi. Yerlar faqat shu maqsadda auksionga chiqariladi va qulay shartlarda taklif etiladi.

Facebook|Instagram|X
Aholi soni ortib, yangi shahar va massivlar qurilayotgani tibbiyot infratuzilmasini puxta rejalashtirishni talab etmoqda. Bu ish qilinmasa, bir joyda shifoxona yetishmaydi, boshqa joyda mavjud quvvat to‘liq ishlatilmaydi.

– Shu bois, endi yangi muassasalar aholi soni va hududlar joylashuvidan kelib chiqib, master-reja asosida tashkil etiladi,

– dedi Prezidentimiz.

Tibbiy xizmatlarni bosqichma-bosqich xususiy sektordan xarid qilishga o‘tiladi. Yangi autsorsing mexanizmlari joriy qilinadi.

Tadbirkorlarga zamonaviy uskunalarni o‘rnatish uchun davlat shifoxonalaridan joy ajratilib, ko‘rsatilgan xizmatlarga sug‘urta tizimi orqali haq to‘lanadi. Gemodializ, laboratoriya, sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya xizmatlari ham tadbirkorlardan xarid qilinadi. Har bir hududda tibbiy xizmatlar bozori va moliyalashtirish mexanizmlari tadbirkor uchun foydali shartlarda e’lon qilib boriladi.

Facebook|Instagram|X
Prezidentimiz kelasi yil har bir hududga kamida 150 million dollar investitsiya va grant jalb qilish vazifasini qo‘ydi. Bu borada hududlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Dunyo tibbiyotida genomika, hujayra va biotexnologiyalar orqali ilgari davolash imkonsiz bo‘lgan ko‘plab kasalliklarga yechim topilayotganini qayd etildi. Biroq ilmiy taraqqiyot inson oldidagi mas’uliyatni ham oshiradi.

– Inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq tadqiqotlarda uning huquqi, roziligi va qadr-qimmati birinchi o‘rinda turishi shart,

– dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, bioetika va biotexnologiya sohalari uchun mustahkam huquqiy asos yaratiladi.

Garvard tibbiyot maktabi bilan hamkorlikda irsiy kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar o‘qitiladi va genetik tekshiruv joriy etiladi.

Facebook|Instagram|X
– Malakali tibbiyot uchun shifokorning o‘zi yetarli emas, yonida yaxlit jamoasi ham kerak,

– dedi Prezidentimiz.

Respublika shoshilinch yordam markazida neyroxirurgiya bo‘yicha katta maktab shakllangani, uning tajribasini hududlarga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Buning uchun jarroh, anesteziolog, reanimatolog, assistent va hamshiralardan iborat yaxlit jamoalar joylarga yuboriladi. Ular quyi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifati va aholi ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Bunday jamoalar har bir hududda tibbiyot xodimlarini jipslashtiradigan, bemorlarga malakali yordam ko‘rsatadigan guruhlarni tayyorlashi kerak. Ixtisoslashgan markazlarning tuman va mahallalarda ishlashi, quyi bo‘g‘in xodimlarini o‘qitishi bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Tibbiyot guruhlari markazlarga olib kelinib, 3-4 oylik stajirovkadan o‘tkaziladi. Bu talab qolgan markazlarga ham taalluqli.

Facebook|Instagram|X
Kelasi yildan 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori bilan bir yillik kontrakt asosida ishlashga o‘tiladi. Har bir direktor sohaga yangilik kiritish, quyi bo‘g‘in xodimlari malakasini oshirish va ilmni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha aniq majburiyat oladi.

Nufuzli xorijiy universitet klinikalaridan mutaxassislar jalb qilinib, markazlardagi kamchiliklar ko‘rsatiladi va direktorlarning vazifalari aniq belgilanadi. Direktorlar yil yakunida jamoatchilik oldida hisobot beradi. Ish natijasiga qarab kontrakt uzaytiriladi.

Prezidentimiz respublika, viloyat va tumandagi har bir shifoxona hamda poliklinika faoliyatiga aholining o‘zi baho beradigan mexanizmlarni kelasi yildan joriy etish vazifasini qo‘ydi.

Har bir shifokor va hamshiraning oyligi KPIga bog‘lanishi, bunda aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi asosiy mezon bo‘lishi qayd etildi.

Facebook|Instagram|X
Prezidentimiz kelgusi yildan kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yo‘nalishlarda o‘nta sun’iy intellekt tizimi ishga tushirilishini ma’lum qildi.

– Bemorni masofadan kuzatish, nutq orqali kasallikni aniqlash va dori-darmon xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha yangi yechimlar joriy etiladi,

– dedi davlatimiz rahbari.

Bu yechimlar tibbiyotda sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lamini kengaytiradi. Shifokorlar ishida yangi texnologiyalarni qo‘llashga e’tibor kuchaytiriladi.

Har bir viloyatda “Eng yaxshi AT operatori” va “Raqamli tibbiyotning eng yaxshi shifokori” tanlovlari o‘tkaziladi. G‘oliblar 100 million so‘mdan mukofot oladi.

Facebook|Instagram|X
Mamlakatimizda tibbiyotning turli yo‘nalishlarida shifokorlarning hamjamiyatlari bor.

Prezidentimiz ayrim assotsiatsiyalarda yangilanishga intilish yetishmayotganini tanqid qildi. Ba’zilariga uzoq yillar bir kishi rahbarlik qilib, boshqalarga yo‘l ochilmayapti. A’zolarning xorijda malaka oshirishi va ilg‘or davolash usullarini joriy etishida assotsiatsiyalar faolroq bo‘lishi kerak.

Yaqinda qabul qilingan farmon bilan assotsiatsiyalarga katta vakolatlar berildi. Endi ularning rahbarlari a’zolar tomonidan ko‘pi bilan ikki-uch yilga saylanadigan tizimga o‘tiladi.

– O‘ylaymanki, assotsiatsiyalar o‘zining qurultoyini o‘tkazib, tizimga yangi muhit, “yangi qon” olib kiradigan rahbarlarni saylab, sohada o‘zgarish qilishni boshlasa, ayni muddao bo‘ladi,

– dedi Prezidentimiz.

Facebook|Instagram|X
Davlatimiz rahbari shifokor mehnatining qadri haqida so‘z yuritib, ma’rifatparvar alloma Abdurauf Fitratning “Insonga xizmat qilgan har bir soha muqaddas, ammo inson sog‘lig‘iga xizmat qilgan soha – ulug‘roqdir” degan so‘zlarini esladi.

Tizimda kamida 15 yil ishlagan xodimlarning ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun 50 milliard so‘m ajratildi. Shu imkoniyat orqali kelasi yil 1 ming nafar tibbiyot xodimi yangi uyga ko‘chib o‘tadi.

Bu imkoniyat yosh kadrlar uchun ham joriy qilinadi: har yili 500 nafar yosh tibbiyot xodimining ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.

Kelgusi yildan olis hududlarda ishlaydigan barcha shifokorlarning oylik qo‘shimcha ustamasi 2 million so‘mdan 4,5 million so‘mga oshiriladi. Bunday hududga ishga kirgan shifokorga 50 million so‘m bir martalik rag‘bat puli ham beriladi.

Facebook|Instagram|X
Xorijiy klinikalarda tajriba to‘plagan vatandosh shifokorlar mamlakatimiz shifoxonalariga jalb etiladi.

– Biz ularni o‘zimizdagi shifoxonalarga olib kelib, Yangi O‘zbekiston tibbiyotida o‘z maktabini yaratishiga xizmat qiladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yamiz,

– dedi Prezidentimiz.

Bunday mutaxassislarning oylik ish haqiga 50 million so‘mgacha ustama to‘lanadi. Ish joylari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.

Ularga atrofida kuchli jamoa shakllantirish, birga ishlaydigan shifokor, assistent va hamshiralarni mustaqil tanlash imkoniyati beriladi. Nufuzli konferensiyalarda qatnashish va xorijdagi hamkasblari bilan tajriba almashish xarajatlari qoplanadi.

Bu ishlar 26 ta ixtisoslashgan markazdan boshlanadi. Har bir markaz direktori kelasi yili 5-10 nafardan vatandosh shifokorni jalb etishga mas’ul bo‘ladi.

Facebook|Instagram|X
Prezidentimiz tibbiyotga katta orzular bilan kirib kelayotgan yoshlarga ishonch bildirdi.

– Orangizdan kelajakning buyuk shifokorlari, olimlari va kashfiyotchilari chiqishiga ishonaman! Bizning vazifamiz ana shu iqtidorlarni kashf etish, ularga ishonish va orzularini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishdan iborat,

– dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Shu maqsadda “Tibbiyot novatorlari” milliy hamjamiyati tashkil etildi. Mazkur platforma talabalar, yosh shifokorlar, olimlar, tajribali ustozlar va xorijdagi vatandoshlarni birlashtiradi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari so‘zni tibbiyot xodimlariga berib, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni birgalikda ro‘yobga chiqarishga topshiriq berdi.

– Men bir narsani so‘rayman: har bir tibbiyot xodimi o‘ziga savol bersin: “Bugun inson salomatligi uchun kechagidan ko‘ra ko‘proq nima qila oldim?”. Agar har birimiz shu savolga javob qidirib ishlasak, tibbiyotimizda ham, xalqimizning salomatligida ham katta o‘zgarishlar bo‘ladi,

– dedi Prezidentimiz uchrashuv yakunida.

Facebook|Instagram|X
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari sportchi yoshlar, murabbiylar va sport fidoyilarini musobaqa boshlanishi bilan tabrikladi.

Bu yilgi bellashuvlarda yurtimizning turli hududlaridan kelgan 3,5 mingdan ziyod yosh olimpiya va paralimpiya yo‘nalishidagi 26 ta sport turi bo‘yicha kuch sinashadi. Ularga 1,5 ming murabbiy hamrohlik qilmoqda.

– Har biringiz bu maydonga o‘z orzuingiz, o‘z maqsadingiz, eng asosiysi, g‘alabaga bo‘lgan katta ishonchingiz bilan kelgansiz,

– dedi Prezidentimiz sportchi o‘g‘il-qizlarga murojaat qilib.

Bugun bellashayotgan yoshlar orasidan ertaga dunyoni hayratga soladigan chempionlar va rekordchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi.

Facebook|Instagram|X
Mamlakatimiz yetakchisi so‘nggi yillarda ommaviy sportdan professional sportgacha, iqtidorlarni saralashdan xalqaro musobaqalarga tayyorlashgacha bo‘lgan yaxlit tizim yaratilganini ta’kidladi.

– Bu ishlarning zamirida farzandlarimizni sog‘lom, irodali va mustaqil fikrlaydigan inson etib tarbiyalashga bo‘lgan intilishimiz mujassam,

– dedi davlatimiz rahbari.

O‘tgan o‘n yilda sportchilarimiz yirik xalqaro musobaqalarda 5 ming 518 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 1 ming 675 tasi oltin medal bo‘lib, bu avvalgi o‘n yillikka nisbatan uch karra ko‘pdir. Medallarning uchdan biri sportchi qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida yigitlarimizning ikkinchi bor g‘olib bo‘lishi ham mamlakatimiz shaxmati tarixida alohida sahifa ochdi.

Facebook|Instagram|X
Yaponiyada o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza – jami 70 ta medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi.

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 197 kilogramm natija qayd etib, jahon rekordini yangiladi. Bokschi Abdumalik Halokov, yengil atletikachi Sharifa Davronova ikki karra, badiiy gimnastikachi Taxmina Ikromova esa uch karra chempion bo‘ldi.

Dzyudochi Muzaffar To‘raboyev finalda musobaqa mezboni vakilini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘tkir Jo‘rayev sport gimnastikasining dastakli ot mashqida yurtimizning Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalini olib keldi.

Prezidentimiz bunday natijalar har qanday marraga erishish mumkinligiga ishonch uyg‘otishini qayd etdi.

Facebook|Instagram|X
– Bugun parasportchi o‘g‘il-qizlarimizning matonati va jasoratini ham alohida e’tirof etmoqchiman,

– dedi Prezidentimiz.

Yaqinda yakunlangan Paraosiyo o‘yinlarida ular 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza – jami 145 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.

Pauerliftingchi Ro‘za Qo‘ziyeva oltin medal bilan birga jahon rekordini ham o‘rnatdi. Lolaxon Qodirova suzishda, Madina Muxtorova va Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitaliyeva nayza uloqtirishda, Navro‘za Ahmadova esa disk uloqtirishda Osiyo rekordlarini yangiladi.

Yegor Bolotov to‘rtta, Xurshid Qodirov uchta oltin medal qo‘lga kiritdi. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bo‘yicha Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangilab, ikkinchi marta Osiyoda tengsiz ekanini namoyon etdi.

Asila Mirzayorova Osiyo paralimpiya qo‘mitasining 2026-2030-yillar uchun sportchilar qo‘mitasi a’zosi etib saylandi. Prezidentimiz buni o‘zbek sportiga xalqaro e’tirof namunasi sifatida baholadi.

Facebook|Instagram|X
Prezidentimiz musobaqa mezboni – Nagoya meri Ichiro Xirosava sportchilarimizning halol kurashi, raqiblarga hurmati, maydon tashqarisidagi odobi va namunaviy xulqini alohida e’tirof qilganini qayd etdi. Bu baho xalqimizga xos fazilatlarning xalqaro maydonda ham namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari farzandlarining orzusiga ishonib, doimo yonida turgan ota-onalarga minnatdorlik bildirdi.

– Yangi O‘zbekiston dunyoning nufuzli musobaqalari o‘tkaziladigan xalqaro sport markaziga aylanib bormoqda,

– dedi mamlakatimiz yetakchisi.

So‘nggi to‘rt yilda yurtimizda jahon va Osiyo miqyosidagi 20 ga yaqin yirik musobaqa tashkil etildi. Kelgusi yil sentabr-oktabr oylarida mamlakatimiz Ozarbayjon bilan birga ilk bor 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Prezidentimiz bunday musobaqalarni o‘tkazish katta sharaf va mas’uliyat ekanini ta’kidladi. Ular yosh sportchilarimizga dunyoning eng kuchli raqiblari bilan bellashish va o‘z oldiga yanada yuksak maqsadlar qo‘yish imkonini beradi.

Facebook|Instagram|X
Prezidentimiz yosh sportchilarga murojaat qilib, chempionlikka kuchli iroda va temir intizom orqali erishilishini ta’kidladi. Ilgari surilayotgan “O‘z” g‘oyasining mazmun-mohiyati ham shunda ekanini qayd etdi.

– O‘zingga ishon! O‘z ustingda ishla! O‘z yurtingga munosib bo‘l!

– dedi Prezidentimiz. Xalqaro maydonda mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda butun xalqimiz sportchilarimiz bilan faxrlanishini ta’kidladi.

Yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelasi yildan Prezident Olimpiadasi g‘olib va sovrindorlarining pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi. Birinchi o‘rin sohiblariga 25 million, ikkinchi o‘rin uchun 12 million, uchinchi o‘rin uchun 6 million so‘m beriladi.

Shuningdek, olimpiadada g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliygohlarning sport yo‘nalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.

Facebook|Instagram|X
Prezident Olimpiadasi dasturidagi sport turlari soni 35 taga yetkaziladi. Yosh toifasi ham kengaytirilib, musobaqa 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladi.

Har yili olimpiada g‘oliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro yig‘inlarga yuboriladi. Kelasi yildan g‘oliblarga bir yillik stipendiya berish boshlanadi. O‘z yo‘nalishida eng yaxshi natijaga erishgan sport maktabi zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.

Poytaxtdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyi Olimpiya shaharchasiga ko‘chiriladi. Shu orqali yosh sportchilar chempionlarimiz tarixi va yutuqlari bilan yaqindan tanishib, yangi g‘alabalarga intiladi.

Prezidentimiz yoshlarni ochilayotgan imkoniyatlarni tinimsiz izlanish, qat’iy intizom va bilim bilan natijaga aylantirishga chaqirdi:
“Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi do‘st bo‘ling”.


Shundan so‘ng 2026-yilgi Prezident Olimpiadasini ochiq deb e’lon qildi.

– Olg‘a, Yangi O‘zbekiston! Olg‘a, O‘zbekiston yoshlari! Olg‘a, o‘zbek xalqi!

– dedi Prezidentimiz so‘zining yakunida.

Facebook|Instagram|X