7QADAM
313 subscribers
29 photos
2 videos
3 files
63 links
Ushbu kanalda 7QADAM turkum kitoblari va muallif ijodidan bahramand bo'lasiz.

Facebook: https://www.facebook.com/yettiqadam

Instagram: https://www.instagram.com/yettiqadam?r=nametag

Admin: @yettiqadamBot

"Yaratish - yashash demakdir."
Download Telegram
Kitobxonlar fikri.. – Telegraph
http://telegra.ph/Kitobxonlar-fikri-06-03-3
...Albatta, qanchadir darajada idealist bo'lgan yaxshi - ammo g'irt idealist bo'lish soxta qadriyatlar ortidan quvishga yoki umuman hech qanday harakat qilmaslikka olib keladi.
Uyg‘onish

Hayotning niqobdor tomoshasida
Haqiqiy yuzini yo‘qotar banda,
Xudodan o‘tadi harhashasida,
Unutib bir qilcha jonligin tanda.

Kaltabin rolida o‘ynar to‘rani,
Oqilga tengini chiqarib olib,
Qo‘rqmay ajratadi oq-u qorani,
Qozicha yengini shimarib olib.

Dahriy shubhalarga haddimiz sig‘ib,
Xudo borligiga izlaymiz isbot,
Imondan rizqimiz ilondek bo‘g‘ib,
Aql rost-yolg‘onga axtarar nisbat.

Gumondor ixlos-la Xudoga zormiz,
Axir, ishonch-shubha - egiz sezgilar,
Esiz, mavhum baxtdan ko‘p umidvormiz,
Umidlar ko‘ngilning xohshin ezg‘ilar.

Og‘zimiz to‘ldirib “hayot” atagan
G‘aflatdan uyg‘otib, o‘lim kelajak,
Jannatga yetaklar ruhni Yaratgan -
Ikkisi u yerda mangu qolajak...

Javlon Juraev
@yettiqadam
Tea
Dilpora
Malagim

Bezovta uyquda ro‘yo ko‘ribman:
Kurrai zaminni chulg‘amish zulm,
Bir shula axtarib, sarson yuribman -
Tikonlar oralab yotardi yo‘lim.

Nogahon qarshimda ko‘rindi darvish,
Undan-da so‘radim: "Bu qanday balo?"
Dedi: "Farishtalar yerni tark etmish,
Borki go‘zallikdan ayrildi dunyo.

Mudroq ko‘zlarimdan yosh qalqdi pitrab,
Hayotdan kechishga ko‘ndi yuragim!
Sovuq terga botdim, uyg‘ondim titrab...
Sen hamon yerdami, mening malagim?..

Javlon Juraev
@yettiqadam
​​​​Muammolaringizni hal qilishni boshqalar yoki davlatga yukladingizmi – tamom, shaxsiy erkinlik haqida unuting. Jamiyat muammolariga befarq bo‘lishni, uni sizdan boshqa kimdir hal qilishini kutishni tanladingizmi – tamom, shu muammolar soyasida yashashga majbur ekaningizni qabul qiling. Befarqlikning bahosi shu.

Kuchli shaxslar sifatida bizdan ozgina e’tiborli bo‘lish, atrofimizdagi odamlar dardini muhimlik va hissiyotga berilmasdan tushunish, tahlil qilish va ularga yechim topishga intilish talab qilinadi. Ishoning – odamlarga naf keltirishdan ortiq baxt yo‘q hayotda. Buni g‘urur uchun, faxr uchun yoki rahmat uchun emas – o‘z shaxsiy o‘sishimiz uchun, o‘z shaxsiy baxtimiz uchun qilsak arziydi.

7QADAM - 5
@yettiqadam
Rainmaker
Yanni
Maqul topgan parchalarni do'stlarga ham ulashing. :)
​​​​Shaxsiy kuch

Odamlarga to‘la xonani tasavvur qiling. Aytaylik, restorandasiz. Zaldagi hamma yonidagi hamrohi bilan suhbat-u, oldidagi taom bilan band. Eshikdan kimlardir kiryapti, kimlardir, aksincha, chiqyapti. Zalda o‘tirganlar xonaga endi kirgan hamma odamga ham qarashavermaydi. Ammo eshikdan kuchli shaxsiyat egasi kirsa – juda ko‘pchilik beixtiyor unga bir qarab qo‘yadi. Agar eshikdan kirgan yangi mehmonning shaxsiy kuchi o‘ta yuqori bo‘lsa – zaldagilar hatto ovqatlanishdan ham to‘xtab, unga tikilib qolishi mumkin.

Ishonmaysizmi? Keyingi gal odamlar gavjum joyda o‘tirganingizda, atrofingizdagilar xatti-harakatlarini kuzatib ko‘ring – juda ko‘p qiziq narsalarni bilib olasiz.

Hammamiz kuchli shaxsiyat egalariga o‘zimiz bilmagan holda intilishimizga bir oddiy sabab bor. Avval aytganimdek, bizning organizmimiz har doim sog‘ligimiz uchun eng ma’qul qarorlarni qabul qiladi. Odamning shaxsiy kuchi boshqa odamlarning hayotiy energiyasini oshirib berish xususiyatiga ega (bu ajablanarli hol emas – axir, shaxsiy kuch mehrdan hosil bo‘ladi, boshqa odamga mehr ko‘rsatish esa uning hayotiy quvvatini oshiradi). Atrofimizda kuchli shaxsiyat paydo bo‘lishi bilan, tanamiz unga bizning e’tiborimizni qaratmoqchi bo‘ladi – chunki u ehtimolda bizning hayotiy quvvat zaxiramizni to‘ldirishga qodir.

Shaxsiyati kuchli odam atrofdagilarga mehr taratadi deganim - u hammaning ko‘nglini olib yuradi degani emas. Kuchli shaxsiyat, shunchaki, atrofidagi har kim va har narsaga mehr bilan qaraydi, atrofiga mehrga to‘yingan shaxsiy kuchidan yog‘du taratib turadi. Qolganlar ana shu yog‘duga o‘zlari bilmagan holda talpinadilar.

Agar odamning shaxsiy kuchi yetarlicha yuqori bo‘lsa, uning boshqa odamlar va dunyo bilan kelishmovchiliklari bo‘lmaydi, u hech qachon qiyin vaziyatga tushib qolmaydi – shunday bo‘lsa ham, shaxsiy kuchi uni bu vaziyatdan shikastsiz olib chiqib ketadi.

Bu bilan kuchli shaxsiyat o‘zgalarni boshqarish qobiliyatiga ega bo‘ladi demoqchi emasman. U, shunchaki, dunyo qonunlari va odamlar ahdiga qarshi bormaslikka harakat qilib yashaydi – shunga monand hamma hech narsa uning ahdlariga ham qarshilik qilmaydi. Kuchli shaxsiyat egasida shaxsiy muhimlik tuyg‘usi bo‘lmaydi – shaxsiy muhimlik tuyg‘usi kishi hayotiy quvvatini isrof qiladigan odat. Undan qutulmay turib, kuchli shaxsiyat egasi bo‘lish imkonsiz.

7QADAM - 1
@yettiqadam
Sandstorm
David Garrett
Dunyo ko‘zgusi

Dunyo asli dunyoday keng ko‘zgu erur,
Akslantirib turar fikr-u o‘yimizni,
Bellashganga mudom jangdan sado berur,
Katta-kichik ko‘rsatadi bo‘yimizni.

Xayollari samolarga talpinganning
Derazasin koinotga ochib qo‘yar,
Kibr bilan yerga qarab yelpinganning
Yuzlariga tuproq upa sochib qo‘yar.

Hayotiga irillagan jahllarni
It kunini boshga solib qiynar dunyo,
O‘zga baxtin ko‘rolmagan baxillarni,
Baxtin yarim qilib qo‘yib sinar dunyo.

Jon talvasa yurgan joni shirin bilan
O‘ynashganda zavqlanadi ajal o‘zi,
Hayotini bezab olgan irim bilan
Har qadamda irim aksin ko‘rar ko‘zi.

Bu dunyodan mehr kutgan jabrdiyda
Umri o‘tar mehr berib dunyosiga,
Ko‘zgusida yongan husni qadrlida
Imkon bo‘lmas zo‘r bergani orosiga.

Burch qo‘lidan tutganlarga tiriklik – farz,
Umrin o‘lchab olar sakson-to‘qson bilan,
Bekam dunyo izlaganning qalbida darz,
Fano ko‘zgu mudom nadir nuqson bilan.

Dunyo bir kun dunyolikdan tonar bo‘lsa,
Bu ko‘zguga asirlikdan qutulamiz,
Unga qadar ong mayog‘i yonar bo‘lsa –
Kutilamiz, tutilamiz, yutilamiz…

Javlon Juraev
@yettiqadam
​​​​Yaxshi va Yomon

Yaxshi va yomon tushunchalari – odamzodning baxtli bo‘lishiga qarshilik qiladigan eng katta yolg‘ondir.
Ha – dunyoda yaxshi va yomon odamlar, narsalar va hodisalar yo‘q.

Tarbiya bilan ongingizga singdirilgan qoidalar hozir talvasaga tushgan bo‘lsa kerak. Lekin bunga ishonish qanchalik qiyin bo‘lmasin – yaxshilik va yomonlik bor-yo‘g‘i nisbiy haqiqatlar. Ularni odamzod o‘z-o‘zini baxtdan ayirish uchun bilmasdan o‘ylab topgan.

Yaxshilik va yomonlik – ijtimoiy tushunchalar. Tabiatda bunday tushunchalar mavjud emas. Tabiat bunday sun’iy tushunchalarni tan olmaydi, ularga qarab yashamaydi. Qo‘rqoq va oqko‘ngil quyonlar-u, kuchli va yovuz bo‘rilar faqat ertaklarda bo‘ladi. Tabiatda esa quyonlar ham, bo‘rilar ham bir xil o‘ringa ega.

Aytaylik, shaqal kiyiklar to‘dasidan aynan nimjon kiyik bolasini tanlab, hujum qildi va o‘ljasiga erishdi. Xo‘sh, shaqal yomon ish qildimi? Uning to‘dadoshi qari va kasalmand, hech narsaga yaramay qolgan kiyikni o‘ldirdi. Xo‘sh, bunisi-chi?

Ikkala shaqal yaxshi ham, yomon ham emas – ular oddiy. Ular yaxshi ish ham, yomon ish ham qilmadilar – ular tabiiy ish qildi. Ikkisi ham ortiqcha kuch sarflamay, o‘ljaga oson erishish yo‘lidan bordi. Chunki bugun kuchini tejasa, ertaga ham kuchuklarini boqishga quvvati yetadi.

Bu voqeani chetdan kuzatib turgan odamzod esa darrov “yaxshi-yomon” o‘yinini boshlab yuboradi. U darrov ojiz kiyikchaga hamla qilgan shaqalni qoralashga tushadi. Bolasini qarovsiz qoldirgan ona kiyikni ham ayblab qo‘yadi orada.

Yaxshi va yomon sifatlari bizga aslida bizniki bo‘lmagan “qozilik” huquqiga da’vo qilishga asos bo‘ladi. Biz nafaqat tabiatdagi jarayonlarni – balki bir-birimizni ham ana shu elakdan o‘tkazamiz. Birovni yaxshi, birovni yomon, bir ishni yaxshi, boshqasini yomon deyishdan oldin chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.

Biz hatto o‘z tanamizni yaxshi va yomon nimtalarga ajratamiz. O‘ng qo‘l – yaxshi, chap qo‘l – yomon. O‘ng qo‘l bilan qilingan ish – yaxshilik, chap qo‘l bilan qilingani – qing‘ir. Bunday yaxshi-yomon yorliqlari maqol va udumlarimizgacha singib ketgan. Farzandlarimizni yoshlikdan o‘ng qo‘lda ovqatlanishga, yozishga, chizishga o‘rgatamiz.

Ammo sof tabiiy jihatdan bu juda zararli. Odam tanasining o‘ng yarmini miyaning chap yarmi boshqaradi. Miyaning chap yarmi esa mantiqiy va tanqidiy fikrlashga javobgar. Tanamizning o‘ng yarmiga ko‘proq e’tibor berib, uni ko‘proq mashq qildirsak – miyamizning ham faqat chap yarmi rivojlanadi. Ya’ni, bolangizga “yaxshi” bo‘lgan o‘ng tomonni ko‘proq tarbiyalashni aytib, siz uning faqat bir yoqlama rivojlanishiga turtki berasiz.

Miyaning o‘ng yarmi – mavhum fikrlash va ijodiy faoliyatga javobgar. Mona Liza va Shashmaqomlarni buyuk daholarning aynan o‘ng miya qismi yaratgan. Insoniyat barpo qilgan barcha go‘zal narsalar – miya o‘ng yarmi mahsuloti.

Ko‘pchilik iqtidorli odamlarning chapaqay bo‘lgani bizga ma’lum. Ammo bunda ular iqtidorli bo‘lganlari uchun chapaqay bo‘lib qolmaganlar – aksincha, ular bolalikdan chap qo‘llarini ham tarbiya qilganlari uchun, ularning o‘ng miyasi yaxshi rivojlanib, ular iste’dodli bo‘lib yetishganlar.

Shunday ekan, farzandingiz chap qo‘lda qoshiq yoki qalam tutsa – uni koyishga shoshilmang. Kim bilsin – u kelajakda buyuk ijodkor bo‘lib, insoniyatga zavq beruvchi asarlar yaratar. San’at yo‘lidan bormagan taqdirda ham, u to‘laqonli kamol topgan – miyasining ikki yarmini ham teng rivojlantirgan kuchli shaxs bo‘lib yetishadi.

7QADAM - 4
@yettiqadam
Audio
Audio
Sound of silence
Caravelli Orchestra