7QADAM
328 subscribers
29 photos
2 videos
3 files
63 links
Ushbu kanalda 7QADAM turkum kitoblari va muallif ijodidan bahramand bo'lasiz.

Facebook: https://www.facebook.com/yettiqadam

Instagram: https://www.instagram.com/yettiqadam?r=nametag

Admin: @yettiqadamBot

"Yaratish - yashash demakdir."
Download Telegram
​​​​Farzandlaringizni hech kimdan kam qilmay katta qilish istagi – puch maqsad. Bu maqsad sizning ota-onalik mehringizdan emas, ota onalik muhimligingizdan kelib chiqqan. Siz farzandingizni insoniylik nima ekanini biladigan kuchli shaxs etib tarbiyalashni ko‘zlang. Buning uchun esa ularda “hech kimdan kam emaslik” hisini emas – “hamma bilan tenglik” hisini shakllantirish lozim. Ana shunda siz farzand tarbiyasiga muhimlik mehr niqobi ostida aralashishining oldini olgan, bolangizga mehr ko‘rsataman deb, jabr qilmagan bo‘lasiz.

Mehr izhor etishdan kelib chiqqan maqsadlar yo‘lidan borib, farzandlaringizga but maqsadlar qanday bo‘lishi haqida saboq bering. Bunda ularga sizning maqsadlaringiz namuna bo‘lsin. Ularni shartsiz mehr bilan to‘yintiring. Mehrga to‘yib ungan gul, atrofga faqat xushbo‘y ufor taratadi. Farzandlaringiz mehridan zavqlangan odamlar, ularni parvarish qilgan bog‘bonlarga rahmat aytsinlar. Ularning minnatdorligi ham – sof holdagi mehrdir.

Oldimizga qanday maqsad qo‘yishimizdan qat’iy nazar, uning kelib chiqishini aniq bilishimiz lozim. Uning o‘zagi qalb istagida bo‘lishi, uning o‘zi mehrdan kuch olishi bu maqsad bunyodkor ishlarga turtki bo‘lishi garovi. Bunyodkor ishning esa katta-kichigi bo‘lmaydi.

Hech qachon odamlarga rahmat deyishni kanda qilmaylik. Oddiy rahmat aytish ham mehr izhori, qalb istagi ekani yodimizda bo‘lsin. Odamlarning yordamlarini minnatdorlik bilan qadrlay bilish – kuchli shaxsiyat xislatidir. Minnatdorchilik bildirish – bizga kerak, bu bilan bizning qalbimiz o‘z so‘zini aytadi.

Mehr kuch bergan maqsadlarga intilishga zamon yoki makon imkon bermaydi deydiganlarga men bir nima deyishim qiyin. Ular o‘z shaxsiy erkinliklarini tashqi va ichki tobeliklarga berib qo‘ygan baxtsizlardir. Ular hali ham aql tuzoqlaridan nariga o‘tishni istamaydilar. Ular o‘zlariga (hatto o‘zlariga) shaxsiy erkinlik berishdek mehribonchilikni ravo ko‘rmaydilar. Bu ularning tanlovi.

Tangri bu borliqni tengsiz mahorat bilan yaratgan. U dunyo daftariga hayot suratini ahd qalamini mehr siyohiga botirib chizgan. U bizga ham ahd kuchi bilan bu daftarga suratlar chizishni o‘rgatgan. Ahd qalamini botirib turish uchun mehr siyohiga to‘la qalb ato etgan. Keyinchalik biz nafrat va g‘ayirlik kabi bo‘yoqlarni ham kashf qilganmiz. Ular yordamida hayot surati mukammalligiga zarar yetkazishni, Tangrining shundoq ham bekam ilohiy asariga insoniy tuzatishlar kiritishni o‘rganganmiz.

Bugun ham – hozir ham ana shu yaratuvchilik qudrati sizning qo‘lingizda. Shaxsiyatingiz tubida mehri hech qachon tugab qolmaydigan qalb siyohdoni bor. Izmingizda shu siyohdan go‘zalliklar bunyod qilishga qodir ahd qalami bor. Ana shu bunyodkor kuchni haq yo‘lda va Haq yo‘lida ishlata bilish qoldi, xolos. To‘g‘ri, Yaratgan oldida biz bor-yo‘g‘i bir havaskor musavvirlarmiz – lekin, ba’zida, havaskor ijodkorning ilhomi ham san’at asarlari yaratishga qodir.

7QADAM - 3
@yettiqadam
Ana, miyamiz qanchalar ajoyib! U xuddi qaysidir qonun ustida bir qarorga kela olmayotgan parlamentga o’xshaydi: unda irratsionallar partiyasi va ratsionallar partiyasi mudom bahslashadilar. Hamma o’z nuqtayi nazarini aytadi. Ratsional tomon xotirjam mantiqiy usulda tushuntirish bilan qarorni o’z tomoniga og’dirmoqchi bo’lsa, irratsional tomon dod-voy solib yoki qo’rqitib qaror ustidan emotsional nazorat o’rnatishga intiladi. Esdan og’ib qolmaganimizga qoyilman.

Aynan irratsional omillar ta’sirida biz o’zimizga kerak bo’lmagan narsalarga ega bo’lishga intilamiz, o’zimizga yarashmagan (lekin moda bo’lgan) kiyimlarni kiyishni “to’g’ri ish” deb bilamiz. Irratsional omillar bizni vaqtimizni aslida bizga keraksiz bo’lgan maqsadlarga sarflashga, sog’ligimiz va kuchimizni asossiz ishlarga isrof qilishimizga sabab bo’ladi.

Xalqimizda farovonlikni anglatuvchi “baraka” yoki “fayz” kabi ajoyib so’zlar bor. U uy-ro’zg’orda hamma narsa sergaklik bilan qilinishi natijasi. Oilaning daromadi kerakli va foydali maqsadlarga sarflanadi, buyum va vositalardan unumli va mas’uliyat bilan foydalaniladi. Fayzning boylikka aloqasi yo’qligini hammamiz bilamiz – ba’zi anchayin boy xonadonlarda fayzdan asar ham bo’lmaydi. Demak, fayz mulkning miqdorida emas – undan qanchalik samarali foydalanishda. Samarali foydalanish esa – ratsional qarorlarga asoslanadi.

Milliy iqtisod – bizning ulkan oilamiz. Uning ham o’z xo’jaligi bor. Uning qanchalik fayzli va barakali bo’lishi birgina xo’jalikka ish boshqaruvchi qilib yollangan davlat zimmasida emas. Milliy iqtisod fayzi bizning qo’limizda. Uni ko’tarish uchun qayerdandir pul topib, mamlakatga shu pulni kiritib, boylikni oshirish emas – avvalo mavjud nematlardan ratsional foydalanish darkor.

7QADAM - 6
(tugallanmagan)
@yettiqadam
Yollangan bog’bon

Ushbu kitob shaxs va davlat o‘rtasidagi munosabatlarga urg‘u berishga qaratilgan. Xo‘sh, kuchli shaxs davlatga qanday munosabatda bo‘lishi kerak? Bu savolga sodda usulda javob berish uchun yana tasavvurga murojaat qilamiz.

Tasavvur qiling, sizning ulkan gurkiragan bog‘ingiz bor. U yerda mevali daraxtlar ham, anvoyi gullar ham, poliz ekinlari ham, sabzavotlar ham bor. Shu bog‘ni parvarish qilish uchun siz bog‘bon yollaysiz. Chunki siz bunday katta bog‘ni orasta saqlashni, undagi barcha o‘simliklarni parvarish qilishni o‘zingiz uddalay olmaysiz. Bunda bog‘bon sizdan ko‘ra ko‘proq tajribaga va bilimga ega. Uning hayotdagi mahorati – tabiat bergan iqtidori shu: bog‘ parvarish qilish.

Bog‘bon siz to‘lagan haq evaziga siz istagan bog‘ni yaratadi. Siz aytgan joyga salqin soladi, siz istagan joyga favvora chiqaradi. U bog‘ni sizga yoqadigan gullar bilan bezatadi, siz kutgan mevalarni o‘stiradi. Siz unga faqat bog‘ qanday bo‘lishini aytasiz – u o‘z bilim va qobiliyatini ishga solib, sizga shuni yetkazib beradi. Siz bog‘bon o‘z ishini qilishiga qo‘yib berasiz. Unga nimani qanday qilishni o‘rgatmaysiz. Siz uning tajribasi va didiga suyanasiz. U istagingiz bo‘yicha bir narsa qilsa, sizga ko‘rsatadi – siz yakuniy ishni ma’qul ko‘rmasangiz, sizning fikrlaringizni hisobga olib, u tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi.

Davlat – xuddi ana shunday yollangan bog‘bon. Xalq esa bog‘ egasi. Xalq o‘z orzu-istaklaridan kelib chiqib, kerakli bilim va tajribalarga ega bog‘bonlarga bog‘ga qarash vazifasini ta’minlaydi va buning uchun ularga haq to‘laydi. Davlat xalq istaklaridan kelib chiqib, mamlakat bog‘ida nimalar ekishni, qayerni obod qilish, qayerga suv chiqarish, bog‘ hosilini bog‘ egasiga qanday yetkazishni hal qiladi. Davlat hech qachon mamlakat bog‘iga egalikni da’vo qilmaydi: u doim bog‘ aslida xalqniki ekanini esda tutadi.

Bog‘ingizga qarash uchun yollagan bog‘bonga qanday muomala qilasiz? Undan qo‘rqmaysiz, unga ishonasiz – ammo uni nazoratsiz tashlab ham qo‘ymaysiz. U siz bilan maslahatlashmay, bog‘da biror katta o‘zgarish qilmaydi. Davlatga munosabat ham xuddi shunday bo‘lishi kerak: uni tajribasiga ishonasiz, uning ishi uchun haq to‘laysiz – lekin doim uning ishini kuzatasiz. Bunday kuzatuvsiz mamlakat bog‘iga qarash uchun yollangan bog‘bonlar xalq ishonchini shaxsiy manfaat yo‘lida suiiste’mol qilishlari mumkin. Bog‘ mevalarini o‘zi uchun o‘g‘irlaydigan, ish haqini olib, bog‘dagi vazifalarini qo‘l uchida bajaradigan, bog‘ egasining haqiga xiyonat qiladigan bog‘bonlar ham bo‘ladi.

Siz pulga yollangan bog‘bonni ulug‘lab, ilohiylashtirmaysiz, unga tirikligida haykal va yodgorliklar qurmaysiz. Uni oldida o‘zingizni quyi yoki tobe hisoblamaysiz. Uni xatolarini aytishdan, uning qilgan ishlariga munosabat bildirishdan qo‘rqmaysiz.

Bizda davlat bilan munosabatda ikki keskinlikka borish ko‘p kuzatiladi. Ba’zilar davlatga u yoki bu ishni qanday qilish kerakligini aytib, uni shu ishni qilmaslikda ayblaydilar. Ya’ni, bog‘bonga o‘z ishini qanday qilishni o‘rgatmoqchi bo‘ladilar. Boshqalar davlat mamlakat bog‘ida nima qilsa qilaversin deydilar. Ya’ni, bog‘bonga bog‘da istagancha ish qilishga qo‘yib beradilar.

Bu ikki keskinlik ham davlat va shaxs munosabatlarini chigallashtiradi. Birinchi holatda davlat o‘z ishini samarali bajara olmaydi – bog‘bonga bog‘ egasi tinimsiz o‘z ko‘rsatmalari bilan xalal berib tursa, bog‘bonning ishi unmaydi. Ikkinchi holatda nazoratsiz qolgan davlat xalq istaklaridan uzoqlashadi va xalqqa keraksiz ishlarni qiladi – bog‘bon bog‘ egasiga keraksiz daraxtlar va gullarni o‘stiradi.

Shaxs o‘z istagini, qanday bog‘da yashamoqchi ekanini davlatga aytish va davlat ana shu istaklarga monand bog‘ barpo qilishini nazorat qilishi kerak. Bu ishni eng samarali usulda bajarishni u davlatning tajribasiga ishonib topshirishi va ortiqcha ko‘rsatmalar bilan uning ishiga xalal bermasligi lozim. Davlat o‘z ishi davomida vaqti-vaqti bilan shaxsdan fikr so‘rab turadi – shunday holatlarda shaxs albatta o‘z fikrini bildirishi, befarq qolmasligi kerak.
​​​​Bog‘bon ishini nazorat qilish uning faoliyati bilan qiziqish ko‘rinishida bo‘lishi kerak. Ya’ni, davlatning ishini nazorat qilishda shaxs unga savollar berishi, ishlar qanday ketayotganini bilishga intilishi, vaziyatdan boxabar bo‘lib borishi darkor.

Davlat bilan oldi-berdida bir oddiy haqiqat har bir shaxsning yodida bo‘lishi kerak: davlat – nomi davlat bo‘lgani bilan – o‘zi hech qanday boylik yaratmaydi. Uning faoliyati hech narsa ishlab chiqarmaydi, xom ashyoni tayyor mahsulotga aylantirmaydi. Davlat zavod va fabrikalar, yer maydonlariga egalik qilishi mumkin – lekin u yerda mahsulotni davlatga yollangan ishchilar ishlab chiqaradi.

Davlat – sof holdagi xizmat ko‘rsatuvchi tuzilma. Uning mijozlari – butun xalq, xizmat haqi – soliqlar, shu haq evaziga yetkazib berayotgan xizmati – boshqarish. Davlat tabiiy boyliklarni qazib olmaydi – u shu qazib olish jarayonini tashkillashtiradi, kerakli odamlarni bunga ish haqi evaziga jalb qiladi, bu ishlarning boshida turadi. Davlat bozorga bitta ham mahsulot chiqarmaydi – u bozorda kerakli mahsulotlar kerakli miqdorda bo‘lishini ta’minlash uchun tegishli choralarni ko‘radi. Davlat hatto o‘zi yo‘l va inshootlar qurmaydi – davlat xalq puliga tegishli odamlarni yollab, xalq foydalanishi uchun yo‘l va inshootlar qurdiradi.

Davlat – mamlakatdagi eng katta tashkilot. U xalqning ma’lum qismini ish bilan ta’minlaydi. Bu ulkan tashkilotga xalq o‘z intilishlariga monand rahbarlarni tayinlab turadi. Rahbar ana shu ulkan tashkilot va uning bevosita mijozlari bo‘lgan xalq o‘rtasidagi rishtadir. U tashkilot faoliyati mijozlar xohish-istaklariga qarshi bormasligi, mijoz manfaatlari toptalmasligi, tashkilot va mijozlar o‘rtasidagi muloqot ravon va samarali bo‘lishini nazorat qiladi.

Xususiy restoranga ovqatlangani kirsangiz, o‘zingizni qanday tutasiz? Sizni shirin so‘z bilan kutib olishadi, sizga ma’qul joyga o‘tqazishadi, qo‘lingizga menyu tutqazishadi. Siz ham o‘zingizni xotirjam his qilasiz – hech nimadan qo‘rqmaysiz, hech kim oldida o‘zingizni ojiz yoki qarzdor his qilmaysiz. Axir, siz mijozsiz. Bu restoranning mavjud bo‘lishdan, uning barcha xodimlarining ishlashdan maqsadi – sizga sifatli xizmat ko‘rsatib, sizni rozi qilib, pulingizni olish.

Siz ham restoran xodimlariga madaniyat bilan muomala qilasiz. Pul beraman ekan deb, ularni kamsitmaysiz, injiqlik qilmaysiz. Shu bilan birga, sizga kerakli darajada xizmat ko‘rsatilmasa, o‘z noroziligingizni ochiq aytasiz. Bunda ko‘pincha restoran boshqaruvchisi kelib, vaziyatni hal qilishga urinadi. Chunki u rahbar sifatida mijoz va xodimlar o‘rtasidagi muammolarni hal qilishga javobgar, uning bunda tajribasi bor. U sizning istagingizni xodimlarga nisbatan yaxshiroq tushunadi va, kerak bo‘lsa, buni o‘z xodimlariga yetkaza oladi. Agar rahbar buni uddalay olmasa, biznes zarar ko‘radi va o‘sa olmaydi.

Mijoz va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmatga asoslanishi lozim. Tashkilot xodimi sizga kutilgandek muomala qilishni, o‘z vazifasini ko‘ngildan bajarishni bilmasa – bu xodim tartibga chaqirilishi yoki ishdan chetlatilishini tashkilot rahbarlaridan talab qilishni bilish kerak. Bu bilan siz davlat xizmatlari sifati o‘sishiga hissa qo‘shasiz.

Shaxs ham o‘z navbatida davlat xodimi bilan hurmat saqlab muomalada bo‘lishi lozim. Ortiqcha haqparastlikka berilish, muhimlikka ergashib, o‘z hadini bilmaslik kabi xatti-harakatlar kuchli shaxsga yarashmaydi. Kuchli shaxs davlat bilan hamkorlik ruhida – tengchilik ruhida muomala qiladi.

7QADAM - 5
@yettiqadam
Nashr qilingan 1-qism kitoblarni Book.uz do'konlaridan topasiz.

Barcha kitoblarni elektron variantda Iqtisod.uz dan, mobil ilova variantda Google Play yoki shu kanaldan topasiz.

Muxlislardan:
- Izohlar
- Maktublar
- Kitoblar reytingi

Kitoblarning qolgan qismlari (2,3,4,5) nashr qilinmagan. Mabodo 6-qism chiqsa, shu yerda e'lon qilinadi.

@yettiqadam
7QADAM pinned «Nashr qilingan 1-qism kitoblarni Book.uz do'konlaridan topasiz. Barcha kitoblarni elektron variantda Iqtisod.uz dan, mobil ilova variantda Google Play yoki shu kanaldan topasiz. Muxlislardan: - Izohlar - Maktublar - Kitoblar reytingi Kitoblarning qolgan…»
20190124_153139.jpg
1.8 MB
Distillangan Falsafa

Salam Alum - OSCE Academy Alumni Magazine. (OSCE Academy in Bishkek)
|Winter 2018

@yettiqadam
Iqtisodchilar (har qalay, zamonaviylari) ratsionallik tarafdorilar. Keyingi bayonda bu tushunchaga ko’p tayanganimiz bois, uni shu yerda ta’riflab ketaylik.

Ratsionallik – barcha ma’lum omillarni hisobga olgan holda, imkon qadar zarardan foydasi ko’proq bo’lgan yo’lni tanlash.

Buni aniq misolda tushuntirsa, osonroq bo’ladi. Deylik, men qishki kiyim sotib olmoqchiman. Menda ikki xil tanlov bor: jun palto yoki charm kurtka sotib olish. Men shu ikkisidan birini tanlashda bir necha omillarni hisobga olaman: kiyim qanchalik iqlimga mos, u qanchalik qulay, narxi qancha, sifati qanday va hokazo.

O’zbekistonning quruq iqlimida charm kurtka olish shart emas. Lekin jun palto tez eskiradi va oson kir bo’ladi. Shu va boshqa omillarni baholab, men ikkisidan birini tanlayman. Agar palto olishning afzalliklari ko’p bo’lsa – palto, hisob-kitobimga ko’ra kurtka ma’qul bo’lsa – kurtka olaman. Mana shunday sergak bahoga asoslangan tanlov – ratsional tanlovdir.

Bir qarashda, bu juda murakkab jarayondek tuyuladi: iqtisodiy bilimga ega bo’lmagan odam bunday hisob-kitoblarni qila olmasligi mumkin deb o’ylaymiz. Lekin bu amallar hammasi miyamizda juda tez va oson yuz beradi. Faqat, miyaning qaror qabul qilish jarayoni faqat ratsionallikdan iborat emas. Bu jarayonda ratsionallikning aksi – irratsionallik ham ishtirok etadi.

Irratsionallik – biror qarorni qabul qilishda mantiqiy asoslab bo’lmaydigan yo’lni tanlash.

Irratsionallikning sababi muhimlik, qo’rquvlar va komplekslardir. Biz u yoki bu narsani yaxshi yoki yomon ko’rishimizni tushuntirib bera olmaymiz – lekin bu munosabat ortida muhimlik, qo’rquv yoki kompleks turadi...

7QADAM - 6
(tugallanmagan)
@yettiqadam
KORRUPSIYAGA “NOMAʼNAVIY” BAHO: UCH BOSHLI AJDAR
Kim nimani tanlaydi?

https://iqtisod.uz/2019/05/19/korrupsiyaga-noma%CA%BCnaviy-baho-uch-boshli-ajdar
​​Menimcha, Islomning besh farzi o’z ma’naviy qudratidan tashqari moddiy natijalarni ham ko’zlagan. Bu odamning shaxsiy o’sishi uchun aniq amaliy ko’rsatmalar aslida.

Imon – eng chuqur falsafali farz. U odam e’tiqodi asosini belgilaydi. Ulug’ Yaratuvchi qudratini va uning borligini bilish yotadi bu farz ortida. Imon – Xudo borligiga ishonish emas, buni bilishdir. Bu farz insonga shubhalardan holi yashashni, e’tiqodda mustahkam turishni, fikrlashda sergak bo’lishni o’rgatadi.

Namoz – odamni faol turmush tarzi va ozodalikka o’rgatadigan farz. Bir kunda besh marta jismoniy faollik qilish va o’z tanasini ozoda tutish sog’likni mustahkam saqlash uchun yetarli. Shuningdek, namoz odamga o’z qalbiga quloq solishni, aqlni tinchlantirishni, tana va ruhni muvozanatga qaytarishni o’rgatadi. Namoz – Yaratgan bilan o’ziga xos suhbat, unda faqat qalb ishtirok etishi, aql o’z manfaatlari bilan bunga aralashmasligi kerak. Namoz insonda fikrni bir joyga jamlash qobiliyatini o’stiradi. Bundan tashqari, namoz odamda ahd va iroda kuchini tarbiyalaydi.

Zakot – jamiyatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi farz. Avval aytilgandek, u moddiy boyliklar alohida odamlar qo’lida jamlanib, qolganlar nochor qolmasligini ta’minlaydi. Va albatta, mulki oshgan odamning shaxsiyati buzilishining oldini oladi.

Ro’za – inson sog’ligi va irodasini tarbiyalovchi farz. Organizmni ochlik va chanqoq vositasida tozalash ko’plab doimiy kasalliklarni bartaraf etishini dunyo tibbiyoti tan olib bo’lgan. Lekin ro’za tutishning men yoqtirgan bir jihati – u sergaklikni oshirishidir. Ro’za tutgan odam kun davomida sergak yurishi kerak, aks holda u bilmasdan biror nima yeb yoki ichib qo’yadi. Bundan tashqari, ro’za meyorni saqlash odatini o’rgatadi.

Va albatta, haj safari. Bu farzning ham amaliy maqsadi ko’p. Avvalo, o’zbek maqoli bilan aytganda, musofir bo’lmaguncha, musulmon bo’lmaysan. Safarga chiqish odamning shaxsiy rivojlanishiga ko’p jihatdan hissa qo’shadi. U boshqa millatlar, madaniyatlar va boshqacha yashash tarzi bilan tanishadi, dunyoqarashi kengayadi, o’z Vatanini qadrlashni o’rganadi. Turli xil qiyinchiliklarni yengib o’tishiga to’g’ri keladi. Sof psixologik tomondan, odamning moslashuvchanligi ortadi: bu odamga turli vaziyatga tez moslashish, sergaklikni saqlab qolish va xotirjam xatti-harakat qilishga yordam beradi.

Biz ko’pincha bu kabi tamoyillarga jamiyat ta’kidlagani uchungina amal qilamiz. Ammo siz kuchli shaxs egasi bo’lmoqchisiz – shunday ekan qaysi qadriyat qanday maqsadni ko’zlagani haqida sergak fikr yuritishni o’rganing. Bu bilan siz u yoki bu qoidaga aqlingiz aytgani uchun emas – ko’nglingiz istagani uchun amal qilasiz.

7QADAM - 3
@yettiqadam
​​E’tiqod haqiqatga erishish uchun nima qilish kerakligini aytadi: “ilm izla, shukr keltir, bunyodkor ishlar qil”. Din shularni qanday qilish kerakligini aytadi: “falon kitobni falon marta o’qib chiq, boyligingdan sadaqa ber, ibodatxona qur”. Asrlar davomida din ana shunday ko’rsatmalarning eng sara va samaralilarini jamlab keladi. Natijada bu ko’rsatmalar inson hayotining deyarli hamma jihatlarini qamrab olgan va ularning barchasiga amal qilishga bitta odam umri davomida ham ulgurmasligi mumkin. Ba’zida bir dinning ichida turli xil ko’rsatmalar paydo bo’ladi va alohida yo’nalish, mazhab va oqimlar kelib chiqadi.

Biznikidan boshqacha yo’ldan borayotganlarni hurmat qilishni o’rgansak – ana shunda bunyodkor shaxs bo’lamiz. Ana shunda dinimiz bizga ato etgan bilimlardan o’zimiz bilmay boshqalarni ayblashda foydalanmagan, bu bilimlarni o’zimiz va yaqinlarimiz hayotini baxtliroq va mazmunliroq qilishga safarbar qilgan bo’lamiz.

Bu bobda men bildirgan fikrlar ba’zi o’quvchilarda norozlilik hissini uyg’otishi mumkin. Balki, kimlarningdir mendan ko’ngli ham qolar. Nailoj – diniy tuyg’ularingiz men va men bildirgan fikrlarni qoralayotgan bo’lsa, bu sizning tanlovingiz. Mening e’tiqodim har bir inson o’z nuqtai nazarini erkin aytishi, tabiat va jamiyatni anglashga intilishi, boshqacha hayot tarzini yuritadiganlardan ham ilm olish mumkinligini ta’kidlaydi. Men bilgan va tushungan e’tiqod man qilish usulidan emas – ruxsat berish usulidan borib meni tarbiyalaydi. U qaysidir ishni qilishni man qilmaydi – u vayronkor ishlarni tanish, ularning oqibatini bilish va ulardan tiyinishga ruxsat beradi. U odamlarni yaxshi-yomonga ajratmaslikni, Xudoning har qanday mavjudotiga mehr bilan qarashni, kim bu dunyoda bo’lishga haqli-yu, kim haqli emasligini Xudoning o’rniga hal qilishga urinmaslikni o’rgatadi.

7QADAM - 4
@yettiqadam
​​Zamon jadallashgani sayin, bizdagi raqobatga intilish kuchaymoqda. Biz hayotdagi o’rinimiz uchun, moddiy farovonligimiz uchun – afsuski, baxtimiz uchun ham mudom kimlar bilandir bellashamiz. Raqobat nafaqat o’qish va ishda – hayot tarzimizda, maqsadlarimizda, baxtimizni topishda ham asosiy yoqilg’i bo’lib xizmat qiladi.

Raqobatni “taraqqiyot asosi” deydiganlar mutlaqo haq. Aynan raqobat bosimi ostida odamlar samaraliroq, foydaliroq, tejamkorroq usullarni yaratadilar. Ammo har qanday qozon qaynashi uchun, o’choqqa o’tin solish kerak. Raqobat taraqqiyot qozonini odamlarning shaxsiy baxtini o’tin kabi yoqib qaynatadi. Biz esa qozonimiz qo’shnimiznikidan yaxshiroq qaynayotganidan xursandmiz.

Kompleks ta’siriga tushgan odamlar birgina haqiqatni esdan chiqarishgan. Buni hamma biladi. Eng qizig’i – bu haqida juda ko’p gapiriladi. Xudo hammani o’z rizqi bilan yaratgan degan gapni ko’p aytamiz. Sergak tortib, ana shu jumladagi o’z rizqi iborasiga qarang.

Siz faqat siz uchun atalgan rizq, manfaat, mol-mulk bilan yaratilgansiz (nahotki, rizq haqida tinimsiz takrorlaydigan gaplaringizga o’zingiz ishonmasangiz?) Sizning baxtingiz – birgina sizga atalgan, uni hech kim olib qo’ymaydi, ilib ketmaydi, yeb qo’ymaydi.

Siz egalik qilayotgan narsalarning juda ko’pchiligi – aslida sizniki emas. Hayotdagi o’rningiz va qadringizni siz egalik qilgan mol-mulk belgilamaydi. Agar shunday bo’lganda edi, oddiygina yong’in tufayli bor mulkidan ayrilgan odam insoniylik qadrini yo’qotardi.

Aksincha – juda ko’p hollarda katta mol-mulk odamning shaxsiy kuchini kamaytiradi, uni ma’nan tubanlashishiga, inson sifatida qadrsizlanishiga olib keladi.

Oldingizga qo’yayotgan maqsadlaringiz orasidan molparastlik sabab kelib chiqqanlarini aniqlash va ulardan halos bo’lish payti keldi. Molparastlik aytgan maqsadlar – puch maqsaddir, puch maqsad esa baxtga olib bormasligini siz yaxshi bilasiz.

Iste’molchi kompleksi sizni erkinlikdan ayiradi. Siz raqobat va reklama quliga aylanasiz. Juda ko’p hollarda bu kompleks odamni yot maqsadlarga intilishga undaydi. Uyingizdagi ikki yillik ta’mirni yangilash – sizga emas, bu tadbirdan daromad qiladiganlarga kerak. But-butun kiyimdan voz kechib, yangisini sotib olish sizga emas – moda orqali sizning cho’ntagingizga ko’z tikkanlarga kerak. Bozordagi tabiiy toza mahsulotni emas, oynavand do’konlarning peshtaxtasidagi suvqog’ozga o’ralgan qimmatroq chala yemishlarni sotib olish – sizga emas, katta supermarketlarda harid qilish obro’ ekaniga sizni asossiz ishontirib, pulingiz evaziga sizga zararli yemak va soxta faxr hissini berayotgan do’kondorlarga kerak.

Albatta, Xudo sizni bus-butun rizq bilan yaratadi va boshqalar uni olib qo’ya olmaydi – ammo siz o’zingiz ana shu rizqni boshqalarga berib yuborishingiz mumkin. Iste’molchi kompleksi bunda o’sha boshqalarga beminnat xizmat qiladi. Undan halos bo’lib, siz shaxsiy rivojlanishda ildamlaysiz va moddiy farovonlikka erishasiz.

Kattaroq rizqni talab qilib, hayot bilan olishgan bilan hech nima o’zgarmaydi. Lekin bizga o’lchab berilgan rizqdan sergaklik bilan, o’z o’rnida foydalanish turmushimizda ko’p narsani o’zgartirishi tayin.

7QADAM - 3
@yettiqadam
Kitoblarni baholashda xolis va faol bo'ling. 😉
Final Results
84%
6%
1%
0%
9%