Muhrim / Муҳрим
13.9K subscribers
929 photos
401 videos
2 files
2.2K links
Gap bormi? Marhamat — @muhrimchatbot

Tijoriy takliflar uchun @muhrim_reklama_bot ga murojaat qiling.
Download Telegram
Hozir O‘zbekistonning eng asosiy boyligi nima? Oq oltin emas. Qora oltin emas. Radioaktiv oltin emas. Hatto bugun eksportimizning asosiy moddasi hisoblangan haqiqiy oltin ham emas.

“O‘zbekistonning eng asosiy kapitali — uning yosh avlodi”, — dedi Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan va demografik barqarorlikka bag‘ishlangan tadbirda.

Uning ta’kidlashicha, bu salohiyat kelgusida demografik dividend manbaiga aylanishi uchun bugundanoq har bir insonning, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi va xavfsizligiga sarmoya kiritish zarur. Shu maqsadda O‘zbekistonda demografik prognozlash tizimi yo‘lga qo‘yilyapti, “Demografik dividend – 2050” strategiyasini ishlab chiqishmoqchi.

Bu ro‘yxatda men uchun eng muhimi — ta’lim. Yoshlarning ko‘pligi o‘z-o‘zidan boylik emas: bilim va kasb egallagan yoshlargina dividend beradi. Bugun 1-sinfga borgan bola 2050-yilda mamlakatning asosiy ishchi kuchi bo‘ladi. Reja chorak asrga mo‘ljallangan ekan, hisob aynan shu bolalardan boshlanadi.

Zero, ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “kelajagi nafaqat aholi soni, balki, eng avvalo, ular qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi bilan belgilanadi”.
Agar “podkastlarda qatnashuvchi” degan kasb bo‘lsa, men hozir amalda shu kasb egasiman 🙂

Avvalroq “Gashtak”dagi ishtirokim havolasi bilan bo‘lishgandim (o‘sha podkast 100 mingdan ko‘p ko‘rilibdi; tavba-tavba!), bunisi endi “Ilk qadam” nomli podkastdagi ishtirokim havolasi va unda, tabiiyki, siz ham biladigan, siz avval ham eshitgan ko‘plab gaplarni yana bir marta gapirib kelganman.

Kim bilsin, balki birorta yangi gap ham bordir. Bo‘lsa, unisini siz ayting (e’tiboringiz uchun oldindan ko‘p rahmat!): https://www.youtube.com/watch?v=rbcpzQ9ZVG0
1
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Saida Mirziyoyeva BMT maydonlarida Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon va uning rafiqasi Kim Xe Gyon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidze, Paragvay prezidenti Santyago Penya va uning rafiqasi Letisiya Okapmos, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va boshqalar bilan muloqotda bo‘libdi.

Bundan tashqari, Nyu-Yorkda BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish, AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek, Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya, BlackRock kompaniyasi prezidenti Robert Kapito, kompaniya vitse-raisi Tomas Donilon, Global Infrastructure Partners raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) rahbari Diyene Keyta bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani haqida avval xabar berilgandi.

BMT bosh minbaridagi o‘zbekcha nutq — alohida mavzu. Sermahsul safar.
Bolalarga nisbatan qabih jinoyatlar uchun jazo amaldagi qonunchilik doirasida maksimal darajada og‘ir va ayovsiz bo‘lishi kerakligi borasida, menimcha, hamma yakdil. Bunda jazo nafaqat og‘ir, balki muqarrar ham bo‘lishi shart — jazodan (ehtimoliy jinoyatchilarni hali jazolamay ham turib) kutilgan samaraga faqat shundagina erishish mumkin.

Jamoatchilikdan: “Bunday jinoyatchilarni qanday jazolash kerak?”, deb so‘ralsa, ular xohlagan gapini aytishi mumkin va aytishga haqli ham. Jamoatchilik Konstitutsiya bilan taqiqlangan o‘lim jazosini ham qayta tiklash kerak, deyishi mumkin hatto. Albatta, bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi — O‘zbekistonda o‘lim jazosi tiklanmasligi kerak, lekin jamoatchilik o‘z fikrini erkin aytishga haqli.

Shu bilan birga, O‘zbekiston sharoitida eng yuqori minbarlardan, eng yuqori darajada o‘lim jazosini qo‘llash borasida fikr bildirishda, nazarimda, ehtiyotkorroq yo‘l tutish maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. Ha, eng yuqori darajadagilar ham odam va ular ham o‘z fikrini jamoatchilikning qolgan vakillari kabi erkin bildirishga haqli, bu borada bahs yo‘q.

Lekin O‘zbekiston sharoitida eng yuqori darajada aytilgan o‘tkinchi bir fikr ham topshiriq sifatida qabul qilinib, o‘rinsiz amaliy harakatlar boshlanib ketishi va bu qudrat egalarining o‘zi tomonidan keyinchalik xato sifatida e’tirof etilishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘lishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, sud hokimiyatiga ishonch yo‘q bo‘lgan hozirgi sharoitda o‘lim jazosining — qancha istisnosi bo‘lishidan qat’i nazar — qayta tiklanishi ayanchli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Ozgina qudrati bor va tarbiyasi jirkanch ishlarni qilishga yo‘l qo‘yadigan shaxs o‘zining ko‘ziga dushman ko‘ringan istalgan odamga bir lahzada “besoqolboz” degan tamg‘ani yopishtira olishiga va buning uchun jazolanmasligiga ishonadigan mamlakatda o‘lim jazosining qayta tiklanishi ertaga istalgan noqulay odamning “bolalarga uyatsiz-buzuq harakat qilgan” degan soxta ayb bilan qonuniy o‘ldirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda bolalarni pedofillar va boshqa jirkanch shaxslardan muhofaza etish yo‘lida o‘lim jazosigacha ham qilish mumkin va qilish kerak bo‘lgan ancha-muncha ish bor, menimcha. Avvalo, hozir mavjud jazolarning o‘zi muqarrar bo‘lishi, jazo tayinlashda bunday jinoyatchilardan jamiyatga yetadigan zarar to‘g‘ri baholanishi kerak (masalan, bunday jinoyatchilarga amnistiya qo‘llash — qanchalik to‘g‘ri?). Bundan tashqari, tegishli idoralar bunday holatlar haqida tarqalayotgan xabarlarga avvalboshdan sezgir va hushyor bo‘lishi, bunday ishlarni eng yuqori darajada kimningdir qattiq jahli chiqquniga qadar o‘z nazoratiga olishni o‘rganishi kerak.

O‘lim jazosi esa, huquqshunoslar ko‘p marta ta’kidlaganidek, bu tur jinoyatchilarning tiyilishidan ko‘ra, ularning o‘ldirilgan qurbonlari (jinoyatlarining yo‘q qilingan yagona guvohlari) soni ko‘payishiga xizmat qilishi ehtimoli yuqoriroq.

Shuningdek, bunday jinoyatlarning oldini olish uchun ko‘zbo‘yamachi ishlarni haqiqiy, doimiy harakatga aylantirish kerak. Masalan, Namangandagi keysda bog‘chadagi kuzatuv kameralari ishlamagani, bu esa jinoyatda gumonlanayotgan shaxsning xatti-harakatlari uchun qulay sharoit yaratib bergani taxmin qilinyapti. Shu kameralar xo‘jako‘rsinga turmay, chindan ishlasa va ular to‘g‘ri kuzatilib borilsa, vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish, nafaqat bunday qabih, balki boshqa tur jinoyatlarning ham oldini olish mumkin bo‘lsa kerak.

Har qanday holatda ham, ayniqsa, davlat o‘z nazorati ostidagi bolalar bog‘chasida bolalarning xavfsizligini ta’minlay olmayotgan sharoitda, O‘zbekistonda o‘lim jazosi tiklanmasligi zarur. Eng kamida, hozir tiklanmasligi kerak. Zotan, o‘lim jazosi bugungi dardlarimizga malham bo‘ladigan universal yechim emas. Ungacha ham qilish mumkin va qilish kerak bo‘lgan ishlar bisyor.

Yo Xudo, bolalarimizni o‘zing asra!
1
Toshkentning ichimlik suv ta’minotiga mas’ullarini yozda oftob qattiqroq urgan, shekilli (uzr so‘ragan bo‘lsa ham-da).

O‘zi, birinchidan, sovuq suv bunaqa bir sutkalab o‘chirilganini eslolmayman (ha, Eski O‘zbekiston davrida ham ko‘rmaganman, har qalay, biz yashagan mahallalarda unday bo‘lmagan).

Ikkinchidan, 23-24-sentabr kunlari ham bir o‘chgandi suv, xuddi mana bu rejada yozilganidek. Bugun yana o‘chdi, bu ham rejada yozilgan ekan, lekin shu joyida sal mantiqsizlik bor-da baribir.

Masalan, Yunusobodning 19-mavzesi o‘zi uchta mahallaga bo‘linadi: “Shoshtepa” (bular “Choshtepa” deb yozibdi), “Uvaysiy” va “Yurtobod”. Rejada bu mahallalarda suv 23-24-sentabrda bo‘lmasligi ko‘rsatilgan.

Endi, bugun, 28-sentabrda ham Yunusobod 19-mavzesida suv bo‘lmaydi, deb ko‘rsatgan. Baraka topkur, boyagi uchta mahalla o‘zi shu 19-mavze-ku :)

O‘tgan safargi suv o‘chishiga shuning uchun ham toqat qilsa bo‘lardiki, unda har qalay issiq suv bor edi, bugundan bizning mahallada issiq suv ham bir haftaga rejali o‘chgan :)

Hay, suv-moshinada suv yuboramiz, deyishyapti-ku. O‘zbekistonda umuman suvsiz joylar bor, odam bir kunlik suvsizlikdan nolishga ham hijolat o‘zi 🙈 Uzr.
Saida Mirziyoyeva Amerika Qo‘shma Shtatlaridan qaytishi bilan, bir muddat O‘zbekistonda bo‘lib, keyin yana safarga ketibdi. Bu safar Birlashgan Arab Amirliklariga. Yana Birlashgan Millatlar Tashkilotining tadbiriga.

Abi-Dabida BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressi bo‘lib o‘tdi. Bu safargi kongress O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega edi: O‘zbekiston 2031 yilgi kongress mezbonligi uchun o‘z nomzodini qo‘ygan edi. Abu-Dabi anjumanida barcha ishtirokchi davlatlar O‘zbekistonning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Saida Mirziyoyevaning fikricha, bu “O‘zbekistonga nisbatan xalqaro miqyosdagi yuksak ishonch ramzi”. “Bu — bizning ochiqligimizga, muloqotga doim tayyorligimizga hamda umumiy maqsadlar yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtira olishimizga bildirilgan ishonchdir”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

U kongress doirasida BMT bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Monika Juma bilan ham uchrashgan va amalga oshirilayotgan qator qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashgan (ma’lumot uchun, ular iyunda Avstriyada ham uchrashgandi).

Abu-Dabiga qilingan safarning yana bir muhim yangiligi — Saida Mirziyoyeva BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon qabulida ham bo‘libdi.

“A’lo hazratlari bilan Abu-Dabida o‘tgan uchrashuvimiz — men uchun katta sharafdir... Ko‘rsatilgan ehtirom uchun A’lo Hazratlariga minnatdorlik bildiraman”, — debdi Saida Mirziyoyeva.

U BAA prezidentiga O‘zbekiston davlat rahbarining samimiy tilaklarini yetkazibdi, O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qilibdi, shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirish mavzusida ham fikr almashishibdi.
Esingizdami, Toshkentda Li9 chapga burilayotgan BYDning ortidan superkatta tezlikda “uchib” kelib, BYDga ozgina turtilib, keyin dumalab ketgan, lekin odil sudlarimiz BYD egasini (sudga ham chaqirmay) aybdor qilib, unga pachag‘i chiqib ketgan Li9 uchun salkam 800 mln so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lab berish majburiyatini yuklagan edi.

Odil sudlarimiz o‘shanda BYD egasini aybdorga aylantirish uchun ekspertiza ma’lumotlariga tayangan. O‘sha ekspertiza esa Li9'ning YTH vaqtidagi tezligini aniqlash imkoni bo‘lmagani haqida, “Li9 mabodo soatiga 60 km/soat tezlikda harakatlansa ham YTHning oldini olishning texnik imkoni yo‘q edi”, degan mazmunda xulosa bergan.

Lekin o‘shanda Li9'ning tezligi soatiga 60 kilometrdan karrasiga tezroq bo‘lganini ekspert bo‘lmagan, umrida ekspertizada ishlamagan odam ham ko‘rib, tushunib, bilib turgandi. Ishqilib, qaytadan, sog‘lom bir ekspertiza o‘tkazib (o‘tkazsa bo‘larkan-da, qarang), Li9'ning tezligi o‘sha YTH bo‘lgan vaqtda soatiga 120 kilometrdan ham yuqori bo‘lganini aniqlashibdi — chunki odil sudlarimiz navbatdagi sudda Li9'ning qoni qaynoq 26 yoshli haydovchisi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi 4-qismi (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi)da ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topibdi.

Ishqilib, mantiq, sog‘lom fikr va adolat g‘alaba qozonibdi. Lekin boshqa bir savol qolyapti baribir: asl jabrlanuvchini aybdorga aylantirgan avvalgi tomosha qahramonlari hozir qayerda? Bunchalik telba-teskari, chorakta tanqidga ham chidamaydigan qaror chiqargani uchun ularga biror chora ko‘rilganmi? O‘sha sudya hali ham ishlab yuribdimi? O‘sha ekspertlar hali ham ekspertiza o‘tkazyaptimi? Mana shunisi ham aytilsa, yaxshi bo‘lardi.

Shu o‘rinda yana bir fikr. Jonajon O‘zbekistonimizga har turli reyestrlar kerak: korrupsionerlar reyestri (ular qayta davlat ishiga olinmasligi uchun), bog‘cha yo maktabda bolalarga zo‘ravonlik qilganlar reyestri (ular yana ta’lim tashkilotlariga ishga kirib qolmasligi uchun), bolalarga shilqimlik qilganlarning reyestri va telba-teskari qarorlar chiqaradigan sudyalar reyestri — eng kamida, kimningdir ishi shunaqa sudyalarga tushib qolsa, bu sudyani boshqa durustrog‘i bilan almashtirishni so‘rash uchun.
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Buxorolik bog‘cha bolalari Saida Mirziyoyevaga o‘zlari yasagan taqinchoqlarni sovg‘a qilib, “pulingiz ko‘paysin!”, deyishibdi. Bolalar xursand, chunki ularning bog‘chasi uch oyda qariyb qayta qurilgan. Videoda bir qizcha ham aytyapti: “Bog‘chamiz chiroyli bo‘libdi”, deb. Bola aldamaydi.
Tunov kuni Yunusobodda issiq suv bilan bir vaqtda sovuq suv ham o‘chib qolgani haqida yozg‘irdim-ku. Toshkentliklarning “dom”da katta bo‘lgan bizdek turlari uchun sovuq suv o‘chishi noodatiy. Lekin yilda ikki marta — bahor va kuzda issiq suvsiz qolishga ko‘nikkanmiz. Chunki, pandemiya yilidagi istisnoni hisobga olmasa (o‘sha yili bahorda ham, kuzda ham issiq suv o‘chmagandi — o‘chirmasa ham bo‘larkan-da, qarang), har doim — necha o‘n yillardan beri shunday. Yiliga umumiy ikki hafta davom etadigan bu davr qaysidir ma’noda bizning biologik vaqtimizga tatbiq etilgandek: bahorda qaldirg‘ochlar uchib kelganidek, qishda ayiqlar uyquga ketganidek, biz ham bahor va kuzda bir haftadan issiq suvsiz yashay olamiz. Sochlarimiz ham shu ikki haftada yog‘lanmay turadi-yov.

Issiq suvning o‘chirilishi shahar hayotining muhim bir qismi bo‘lgani uchun butun shahar bu haqda oldindan ogohlantiriladi, qachon qaysi mahalla, qaysi mavze issiq suvsiz qolishi maxsus reja-jadval orqali bir oy-yarim oy avvaldan boxabar qilinadi. Masalan, hozir bizning Yunusobodda issiq suv yo‘q, bizdan avval esa asosan Mirzo Ulug‘bek tumani issiq suvsiz yashadi. Shunday bo‘lishini biz sentabr boshidayoq bilardik. Hamma bilardi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani Hamid Olimjon mahallasida joylashgan Respublika kardiologiya markazidagilar ham.

Men g‘ofil banda shu vaqtgacha issiq suv faqat “dom”larda o‘chadi, deb yurarkanman. Davlatning deyarli hamma muassasasi xuddi sening “dom”ing kabi shahar markaziy issiqlik tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, sen issiq suvsiz qolgan vaqting ular ham bu ne’mati a’lodan mosuvo bo‘lishi tabiiy hol-ku.

Tabiiylikka tabiiy, lekin men bu haqda hech o‘ylamagan ekanman, o‘ylamaganimning sababi esa “dom”lar issiq suvsiz qolgan mahal O‘ZBЕKISTONning, masalan, YURAK KASALLIKLARIga ixtisoslashgan BOSH TIBBIYOT MUASSASASIda ham issiq suv bo‘lmasligi sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmasligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Lekin sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydigan bu hol Respublika kardiologiya markazida odatiy ekaniga Mirzo Ulug‘bek tumanining Hamid Olimjon mahallasi issiq suvsiz qolganida xabar topdim.

Bu markazga butun O‘zbekistondan yurak kasalliklari bor bemorlar keladi. Ordering bo‘lsa — xo‘p-xo‘p, bo‘lmasa — bu davlat xastaxonasi senga pullik xizmat ko‘rsatadi va uch-to‘rt kun yotib, davo topib ketishing o‘ldim deganda 1000-1500 dollarga tushadi, biror maydaroq operatsiya ham bo‘lsa, xarajatni katta olaver.

Bir chekka tumandan shu kasalxonaga kelasan, falon pul xarajat qilasan va issiq suv bo‘lmaydigan haftaga to‘g‘ri kelib qolsang, bu kasalxona senga tefalda suv isitib yuvinib/cho‘milib olishni taklif qilishi mumkin. Tavba-tavba, bu dargohga har kuni yuzlab bo‘lmasa ham, o‘nlab bemor kelar. Shunday joyda “endi bir hafta chidaysizlar-da”, deb bo‘ladimi xayoli shundoq ham xavotirlarga to‘la bemorga?

Bu yerda ko‘p narsa baribir mutassaddilarga bog‘liq, afsuski. Ishbilarmon, odamlarning dardini o‘z tanida his qilgan, ular qanday sharoitda davolanayotganiga chin dildan qiziqqan mas’ul bu muammoni allaqachon yechib qo‘ygan bo‘lardi. Zotan, hozirgi zamonda bu muammoni (muammomi o‘zi bu?) hal qilish qiyin ham, qimmat ham emas. Xizmatining narxini yuqorida yozdim — hay, har bir qavatga bo‘lmasa ham (har bir xonaga so‘rashga ikkilandim), har bir korpusga bittadan yil 365 kun issiq suv bo‘ladigan sharoit qilib qo‘ysa bo‘lar?

Bo‘ladi. Albatta bo‘ladi. Xohish bo‘lsa, hammasi bo‘ladi. Menimcha, tibbiyot muassasalaridagi, ayniqsa, respublika darajasidagi klinikalardagi bunday kamchilikka toqat qilib bo‘lmaydi. Nafaqat Kardiologiya markazida, balki markaziy issiqlik ta’minotiga ulangan va yilda ikki marta issiq suvsiz qoladigan boshqa tibbiyot muassasalarida ham bu masalani hal qilish kerak.

Ha, to‘g‘ri, ota-bobolarimiz issiq suvsiz ham amallashgan, lekin biz hozir, bugun yashayapmiz, “insonning qadri bo‘lmagan” ota-bobolarimiz davrida emas. Hozir esa, aytishlaricha, hamma narsa, xususan, davlat siyosati ham inson qadri uchun. Respublika kardiologiya markazida yil bo‘yi, uzluksiz issiq suv bo‘lsa — mana shu inson qadri.

Menimcha.
Saida Mirziyoyeva sentyabrda, asosan BMT tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka borganida, AQSh prezidenti tomonidan tashkil etilgan qabulda Donald Tramp bilan ham uchrashgan ekan.

Bugun u shu uchrashuv haqida fotoxabar e’lon qildi, unda, jumladan, shunday deyilgan: “AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy va ezgu tilaklarini yetkazish men uchun katta sharafdir”.

Saida Mirziyoyeva o‘sha qabul davomida Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon va uning rafiqasi Kim Xe Gyon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidze, Paragvay prezidenti Santyago Penya va uning rafiqasi Letisiya Okapmos, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va boshqalar bilan ham muloqotda bo‘lgan.
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Yer mehnatni qadrlaydi, bilim bilan qilingan mehnatni esa yanada ko‘proq taqdirlaydi

“Yerni boqsang, yer seni boqadi” deydi xalqimiz. Lekin hozirgi zamonda dehqonchilik qilish uchun mehnatning o‘zi kamlik qiladi, yerni tushunish ham kerak.

Bir tadbirkor bor dastmoyasini tikib issiqxona qurgan va birinchi yili yaxshigina hosil olgan. Ammo keyingi yillarda hosildorlik tushib, hafsalasi pir bo‘lgan.

“Rahbar mahallada” ko‘rsatuvida tadbirkorning muammosiga e’tibor qaratildi. Issiqxonadagi holat bilan tanishgan Agrobank vakili dehqonga tavsiyalar berdi. Shuningdek, hosildorlik pasayishining sabablarini aniqlash maqsagida “Agrolab” laboratoriyasi olimlari xonadonga kelib, tuproq tarkibini o‘rganadigan bo‘ldi.

👉 Hikoyani bu yerda to‘liq ko‘rishingiz mumkin
Menimcha, davlatimiz o‘zbekistonliklarning Rossiya–Ukraina urushida qatnashishining oldini olish bo‘yicha yetarlicha ish olib bormayapti. Hatto “urushga bormang!” degan aksiltarg‘ibot ham yetarli darajada tashkil etilmayapti.

Lekin Rossiya o‘zbekistonliklarni bu urush domiga tortish uchun o‘zi allaqachon yollagan o‘zbeklarning so‘zi bilan, o‘zbeklarning qo‘li bilan juda faol tashviqot olib bormoqda. Ular o‘zbek tilida, diniy mavzularni qo‘shib, jazavani qo‘zg‘aydigan nuqtalarga tegib (masalan, “biz besoqolbozlarga qarshi jang qilyapmiz”, degandek), urushga qo‘shilishga da’vat qilyapti.

Mana shu o‘zbekzabon targ‘ibotchilarga nisbatan jinoyat ishlarining qo‘zg‘atilishi va Rossiyadan ularni O‘zbekistonga jinoyatchi sifatida topshirilishini talab etilishi — bir o‘rinli aksiltarg‘ibot (ular Rossiya armiyasiga qo‘shilib, Rossiya fuqaroligini olgan bo‘lsa, bu O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishga asos bo‘ladi — qonunda bor shu normani ham ochiq-oshkora qo‘llash, ko‘rsatish zarur); xuddi pandemiya davridagi “Uyda qoling! Niqob taqing!” degan tashviqotga o‘xshatib, tinimsiz, har kuni: “Urushga borma, borsang — O‘zbekiston uchun jinoyatchisan” degan ogohlantirishning kerak bo‘lsa har dazmoldan jaranglab turishi — hozir juda kerakli aksiltarg‘ibot.

Urushda qatnashishga qarshi yana bir zo‘r va arzon aksiltarg‘ibot — bu yollaganlik, yollanganlik va urushda qatnashganlik uchun ko‘zda tutilgan jazolarning qat’iyligi va muqarrarligini ta’minlash. Menimcha, bu masalada jinoyatchilar qonunda belgilangan jazoni to‘liq hajmda olishi shart. Jazo muqarrarligi — har qanday jinoyatga qarshi eng yaxshi chora.

Qo‘shimchasiga, yollaganlik, yollanganlik, urushda qatnashganlik uchun ko‘zda tutilgan jazolarni yanada og‘irlashtirish kerak. O‘zbekistonda istalgan jazoni zudlik bilan, bir haftaga qolmay kuchaytirish mumkinligini Namangandagi 5 yoshli qizaloq voqeasidan keyin hamma ko‘rdi. Agar bu chora vatandoshlarimizning urushga yollanishini kamaytirib, ularning hayotini saqlab qolishga yordam bersa, bu safar ham shunday tezkorlik zarur.

Yana o‘nlab, yuzlab, minglab vatandoshlarimiz tarixda qonxo‘r va bosqinchi nomi bilan qoladigan Putinning tor manfaatlari yo‘lida o‘lib ketmasligi uchun ham davlatimiz qila oladigan eng kichik ishlar bu aslida.
2